“Oʻzbekkosmos” agentligi Xalqaro astronavtika federatsiyasiga aʼzo boʻldi
Vatanimiz tarixi sahifasiga yana bir muhim voqea qoʻshildi. Boku shahrida boʻlib oʻtayotgan 74-Xalqaro astronavtika kongressida Xalqaro astronavtika federatsiyasi assambleyasining navbatdagi sessiyasida “Oʻzbekkosmos” agentligi Xalqaro astronavtika federatsiyasiga toʻla huquqli aʼzo boʻlganini eʼlon qildi.
Xalqaro astronavtika federatsiyasi (IAF) xalqaro nodavlat, notijorat ilmiy tashkilot boʻlib, u koinotni tinch maqsadlarda tadqiq qilish muammolari, shuningdek, huquqiy nuqtai nazardan raketa va kosmik masalalar bilan shugʻullanadi.
Tashkilot 1950-yilda Parijda boʻlib oʻtgan I Xalqaro Astronavtika Kongressida 8 ta davlat: Avstriya, Argentina, Buyuk Britaniya, Daniya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Shvetsiya rahbarlari tomonidan tashkil etilgan.
IAF vazifalariga quyidagilar kiradi:
— tinchlik maqsadlarida kosmonavtikani rivojlantirishga koʻmaklashish;
— kosmonavtikaga oid maʼlumotlarni keng tarqatishda koʻmaklashish;
— keng jamoatchilikning kosmonavtikaga qiziqishini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash;
— xalqaro va milliy ilmiy-tadqiqot institutlari, universitetlar va kompaniyalar orqali kosmik tadqiqotlarda ishtirok etishni ragʻbatlantirish;
— kosmonavtika bilan bogʻliq fanning barcha sohalari boʻyicha tadqiqotlarga bagʻishlangan akademiyalar, institutlar va komissiyalarda faoliyatni rivojlantirish;
— xalqaro kongresslar, simpoziumlar, kollokviumlar va boshqa ilmiy majlislarni chaqirish;
— kosmonavtika va koinotni tinch maqsadlarda tadqiq qilish bilan bogʻliq barcha sohalarda tegishli xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
Mamlakatimizning IAF aʼzoligiga qoʻshilishi quyidagi imkoniyatlarni beradi:
— yetakchi kosmik davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan kosmik sohada hamkorlikni kengaytirish;
— mamlakatimizning jahon kosmik jamiyati tomonidan tan olinishi;
— moliyaviy imtiyozlar va bonuslar;
— elektron kutubxonadan bepul foydalanish imkoniyati va boshqalar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring