Oʻzbekistonning toʻqimachilik salohiyati Venada namoyish etildi

19:37 03 Oktyabr 2023 Siyosat
762 0

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Avstriya poytaxtida boʻlib oʻtgan “Barqaror ishlab chiqarishni tezlashtirish yechimlari” mavzusidagi 4-Global ishlab chiqarish konferensiyasida ishtirok etdi.

Tadbir Xalqaro moliya korporatsiyasi va Avstriya moliya vazirligi tomonidan tashkil etildi. Unda sanoat ishlab chiqaruvchi kompaniyalar va moliyaviy rivojlanish institutlari vakillari qatnashdi.

Konferensiya sessiyalarida “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov Oʻzbekistonning toʻqimachilik salohiyati haqida maʼruza qildi. Ishtirokchilarga Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatining eksport salohiyati, shuningdek, paxta-toʻqimachilik klasterlarini yaratish tajribasi, bugungi holat, rivojlanish istiqbollari, ishlab chiqarish, investitsiyalar haqida maʼlumot berildi. Taqdimotda, shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida mamlakatimizda majburiy va bolalar mehnatiga toʻliq barham berilgani alohida qayd etildi. Respublikamizda jadal rivojlanayotgan sohada xorijiy investorlar uchun yangi loyihalarni ishga tushirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari konferensiya doirasida xorijiy hamkorlar, jumladan, Avstriya Iqtisodiy palatasi, “Advantage Austria” kompaniyasi, Avstriya Taraqqiyot banki va boshqa tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Avstriyalik hamkorlar Oʻzbekistonda yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun mamlakatimizdagi yengil sanoat korxonalari bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni oʻrnatishga katta qiziqish bildirishdi. Oʻzbekistonda yangi korxonalarni ishga tushirish va mavjud quvvatlarni kengaytirish uchun Avstriya hukumatidan imtiyozli kreditlar ajratish masalalari ham muhokama qilindi.

BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YUNIDO) texnik hamkorlik departamenti direktori Marko Kamiya bilan boʻlib oʻtgan muloqotda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda toʻqimachilik sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari xususida fikr almashildi.

Oʻzbekistonda toʻqimachilik korxonalari xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер