Oʻzbekistonning IT sohasi imkoniyatlari Janubiy Koreyada taqdim etildi

19:09 24 Aprel 2024 Jamiyat
444 0

Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park hamkorligida “Uzbekistan Outsourcing Conference” oʻtkazildi.

Konferensiya Oʻzbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi koʻmagida hamda Koreya maslahat fondi va sanoatini intellektuallashtirish assotsiatsiyasi bilan birgalikda tashkil etildi.

Taʼkidlash kerakki, Sharqiy Osiyo mamlakatlarida Oʻzbekistonning IT sohasiga qiziqish ortib bormoqda. Bu Janubiy Koreyaning xorijiy IT Park rezident kompaniyalari faol oʻsib borayotgani va IT kompaniyalar vakillarining jalb etilgan ishtirokidan dalolat beradi. Oʻzbekistonning kadrlar salohiyati va IT landshaftini batafsil oʻrganish boʻyicha konferensiyada 120 dan ortiq soha mutaxassislari va biznes delegatlar ishtirok etdi.

Tadbir raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning kirish soʻzi bilan boshlandi. Vazir ikki davlat oʻrtasidagi madaniy oʻxshashlik, mehnatsevarlik va rivojlanishga doimiy intilish mavjudligi, bu strategik sheriklik va uzoq muddatli hamkorlik uchun qulay zamin yaratayotganini alohida taʼkidladi.

2013-2017-yillarda Raqamli texnologiyalar vazirligida AKT boʻyicha maslahatchi boʻlib ishlagan Kim Nam Sok ham Oʻzbekistondagi tajribasi va jadal rivojlanayotgan IT sohasi haqida gapirdi. Kim Nam Sok oʻz nutqida ikki davlat oʻrtasidagi muloqot turli darajalarda davom etayotgani, Koreya Respublikasi ekspertlari Oʻzbekistonning raqamli transformatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganiga va mamlakatimizning kuchli mutaxassislar sifatida maydonga chiqishiga ishonchi komil ekanini alohida taʼkidladi.

Ishtirokchilarga Oʻzbekiston hukumati tomonidan IT kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaratilgan kompleks chora-tadbirlar: autsorsing biznesini ochish va rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, koʻp tilli boy kadrlar zaxirasi hamda soliq imtiyozlari va preferensiyalari taqdim etildi.

Oʻzbekistondagi IT iqtidorlar bozori Janubiy Koreya kompaniyalari vakillarini mamlakatimizning IT, biznes boshqaruvi, mijozlar tajribasini boshqarish, moliya va boshqa sohalardagi malakali mutaxassislariga qiziqish uygʻotayotganini alohida taʼkidlash lozim. Sababi yurtdoshlarimizning ingliz va koreys tillarini bilishi hamda taʼlim darajasi tufayli ularga talab katta. Oʻzbekistonda koʻplab Janubiy Koreya universitetlari va taʼlim muassasalari mavjud boʻlib, ular haqida Koreyaning INHA universiteti vakili Kyung Jin Min va Hancom akademiyasi bosh direktori Li Kvang Xun batafsil maʼlumot berdi.

“Biz Toshkentda “aqlli” sinf xonalarini tashkil qildik va endi Urganchga birinchi filialimizni ochish, qolaversa, mahalliy aholiga raqamli koʻnikmalar va texnologiyalarni oʻrgatish uchun qadam qoʻydik”, — dedi Li Kvang Xun.

IT-Park rezidentlari muvaffaqiyatli biznes namunalari, jumladan, Janubiy Koreyaning “Weayaa” oʻyin ishlab chiqish kompaniyasi va “Geo2 IUT Global” logistika kompaniyasining Oʻzbekistondagi faoliyati va erishilgan natijalari haqida soʻzlab berishdi.

“Biz Oʻzbekiston yoshlari qanday ajoyib va ijodiy dizaynlarni yaratayotganini koʻrib, Toshkent viloyatida kompaniya ochishga qaror qildik. Oʻyinlarimiz uchun grafik chizadigan xodimlarni yollaymiz”, — dedi “Weayaa” kompaniyasi vakili Kim Daye Keun.

Shuningdek, Uzinfocom vakillari oʻzlarining MyID mahsuloti va u nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyoning qoʻshni davlatlarida ham davlat xizmatlari, ham xususiy biznes jarayonlarini raqamlashtirishda qanday yordam berishi haqida gapirib berdi.

“Uzbekistan Outsourcing Conference” Oʻzbekistonning IT sohasi va mamlakatning inson kapitalini xorijda taqdim etish uchun moʻljallangan. Konferensiya yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston bozoriga Janubiy Koreyadan kamida 15 ta IT kompaniyalar kirib kelishi va bir yil ichida 1000 dan ortiq ish oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер