Oʻzbekistonning davlat qarzi haqida maʼlumot berildi
2020-yil 1-aprel holatiga, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan va davlat kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldigʻi dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 18,2 mlrd. AQSH dollari ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 31,3 foizni tashkil etdi.
Moliya vazirligi xabariga koʻra, I chorakda davlat tashqi qarzi 0,5 mlrd. AQSH dollariga yoki yil boshiga nisbatan 2,9 foizga oshib, joriy yilning 1-aprel holatiga 16,11 mlrd. AQSH dollariga yoki YAIMga nisbatan 27,7 foizga yetdi.
Shundan:
Hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz - 10,9 mlrd. AQSH dollari;
Hukumat kafolatlagan tashqi qarz – 5,2 mlrd. AQSH dollari.
Davlat ichki qarzi 20,0 trln. soʻmni (2,1 mlrd. AQSH dollari) yoki YAIMga nisbatan 3,6 foizni tashkil etdi.
Shundan:
Hukumat nomidan jalb qilingan ichki qarz – 1,7 trln. soʻm (0,2 mlrd. AQSH dollari);
Hukumat kafolatlagan ichki qarz – 18,3 trln. soʻm (1,9 mlrd. AQSH dollari).
Bildirilishicha, davlat qarzining soʻngi yillardagi oʻsishi dinamikasiga qaramay, xalqaro meʼyorlarga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat qarzi (YAIMga nisbatan 31,3 foiz), shu jumladan davlat tashqi qarzi (YAIMga nisbatan 27,7 foiz) moʻtadil darajada saqlanib qolmoqda.
Jahon banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Qarz barqarorligi tahliliga koʻra, oʻzining iqtisodiy salohiyati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining davlat qarziga xizmat koʻrsatish salohiyati kuchli hisoblanadi va ushbu mamlakatlarda davlat tashqi qarzi uchun meʼyor Yalpi ichki mahsulotning 50 foizgacha tashkil etishi mumkin.
2020-yil birinchi choragida davlat qarzi qoldigʻining oʻsishini shakllantiruvchi asosiy omillar:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolangan tashqi qarz bitimlari doirasida oʻzlashtirilgan mablagʻlar qoldigʻi 200 mln. AQSH dollariga,
Davlat kafolati ostida imzolangan tashqi qarz bitimlari doirasida oʻzlashtirilgan mablagʻlar qoldigʻi 400 mln. AQSH dollariga;
700 mlrd. soʻm miqdorida davlat qimmatli qogʻozlari chiqarilishi hamda 250 mlrd. soʻmga teng ichki qarzdorlik soʻndirilishi natijasida davlat qimmatli qogʻozlari qoldigʻi 450 mlrd. soʻmga oshdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring