Oʻzbekistonning bir qator xalqaro reytinglardagi oʻrni yaxshilandi

20:38 23 Dekabr 2021 Siyosat
1842 0

Joriy yil 23-dekabr kuni Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha Respublika kengashi raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda Kengash aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, 2021-yilda Oʻzbekiston uchun ustuvor hisoblangan Statistik salohiyat indeksi, Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksi, Huquq ustuvorligi indeksi, Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi, Global innovatsion indeksi, Boshqaruv sifati indikatorlari kabi bir qator xalqaro reytinglardagi oʻrni yaxshilandi.

Xususan, Jahon bankining Statistik salohiyat indeksida Oʻzbekiston 2020-yilda 2019-yilga nisbatan 16 pogʻonaga koʻtarilib, 146 ta mamlakat orasida 61-oʻrinni (2019-yilda – 76-oʻrin) egalladi.

Jahon odil sudlov loyihasi tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan Huquq ustuvorligi indeksining 2021-yilgi nashrida Oʻzbekiston 14 pogʻona koʻtarilgan. Oʻzbekiston uchun berilgan baholar 4,1 foizga oshib, bu borada eng yaxshi natija koʻrsatgan 3 ta davlatdan biriga aylandi.

Global innovatsion indeksida Oʻzbekiston 2021-yilda oʻtgan yilga nisbatan 7 pogʻonaga koʻtarilib, 132 ta davlat orasida 86 oʻrinni egalladi, shu sababli eng katta pogʻona yuqorilagan mamlakatlar top 10 taligiga kirdi.

Pandemiya davrida respublikamiz aholisining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tizimining yaratilishi, jamiyatda faol fuqarolik tashabbuslarining koʻrsatilishi Jahon xayriya indeksida Oʻzbekiston 114 ta mamlakat orasida 2018-yildagi 53-oʻrindan 2021-yilda 29-oʻringa koʻtarilib (deyarli ikki baravar), top-30 talikka kirdi.

Umuman olganda, soʻnggi besh yilda mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, fiskal va tashqi xatarlarni kamaytirish borasida olib borilgan islohotlar natijasida ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid xalqaro reytinglarda 156 ta mamlakat ichida Oʻzbekiston 88 oʻrinni egalladi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha 2021-yilga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasining III chorakdagi ijrosi koʻrib chiqildi.

Unda ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohalarga oid xalqaro reyting va indekslar boʻyicha samaradorlikning eng muhim koʻrsatkichlariga (KPI) erishish boʻyicha kelgusidagi rejalar xususida fikr yuritildi.

Shuningdek, mamlakatimizning siyosiy-huquqiy sohada xalqaro reyting va indekslardagi oʻrniga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi xalqaro shartnomalarga qoʻshilishning maqsadga muvofiqligi koʻrib chiqildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha 2022-yilga moʻljallangan tashkiliy chora-tadbirlar rejasi loyihasini ishlab chiqish, bunda mamlakatimizda yuzaga kelayotgan tizimli muammolarga eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash maqsadida Biznes indikator natijalari yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari majlislarida masʼul rahbarlarning hisobotlarini eshitib, hududda biznes muhitini yanada yaxshilash choralarini koʻrib borish tavsiya etildi.

Tadbir yakunida mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohalardagi tarmoqlarni baholash maqsadida milliy reyting tizimini ishlab chiqish, ushbu jarayonga ilmiy doira vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilikni jalb qilish taklif etildi.

Yigʻilishda masʼul vazirlik va idoralar axboroti eshitilib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish va belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Respublika kengashiga tegishli takliflar kiritilishi vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер