Oʻzbekistonning ayrim hududlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qoʻyildi

14:36 02 Fevral 2024 Jamiyat
170 0

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida yashovchi, 1990 y.t. xususiy tadbirkor maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarini qurib, foydalanishi uchun ajratilgan 88 sotix yer maydonining 26 sotixini va unga tutash boʻlgan, tuman oʻrmon xoʻjaligi zaxirasidagi 20 sotix yer maydonini ham goʻyoki oʻziga tegishli ekanligini aytib, xaridorga 46.500 AQSH dollariga sotish hamda kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali hujjatlarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.

Xovos tumanida kuzatilgan holatda esa 1982 y.t. shaxs dehqonchilik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroning ishonchiga kirib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyatga tegishli 52 gektar sugʻoriladigan yer maydonini hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari orqali, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 312 mln. soʻm talab qiladi.

Ammo, u soʻralgan pul mablagʻidan 10 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1996 y.t. fuqaro hokimlik zaxirasida boʻlgan 36 sotix yer maydonini goʻyoki oʻziga tegishli ekanligini aytib, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga talab qilgan 25 ming AQSH dollaridan 10.600 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi, 1972 y.t. shaxs va Davlat kadastrlar palatasining Shahrisabz tuman filiali xodimi oʻzaro til biriktirib, Shahrisabz tumani hududidan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan 13 sotix va turar joy sifatida foydalanib kelinayotgan 12 sotix – jami 25 sotix davlat zaxirasidagi yer maydonini arxitektor tanishlari orqali noturar joy toifasiga oʻzgartirib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 300 mln. soʻm talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, chiroqchilik fuqaro 10 ming AQSH dollari, Davlat kadastrlar palatasining Shahrisabz tuman filiali xodimi esa 800 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер