Oʻzbekistonni qayta kashf etdik — “Associated Press” agentligi muxbiri

19:46 16 Iyun 2023 Siyosat
568 0

Foto: “Dunyo” AA

Vashingtonda Yangi Oʻzbekiston mavzusiga bagʻishlangan taqdimot boʻlib oʻtdi.

Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish ishlari doirasida mamlakatimiz diplomatiya missiyasi tomonidan AQSH “Milliy press-klubi” bilan hamkorlikda Amerikaning yetakchi va AQSH poytaxtida akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro ommaviy axborot vositalarining vakillari uchun “Yangi Oʻzbekiston” taqdimoti uyushtirildi.

“Dunyo” AA xabariga koʻra, tadbirda “Bloomberg”, “BBC News”, “The Diplomat”, “The Hill”, “CNBC”, “ZDF German TV”, “Voice of America”, “Spectrum News”, “Washington Diplomat”, “Axios”, “Turan News Agency” va boshqa OAV vakillaridan iborat 35 nafar jurnalist va mediamenejer ishtirok etdi.

Tadbir avvalida uning ishtirokchilari Oʻzbekistonda Prezident rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning borishi va ular berayotgan salmoqli natijalar, qabul qilingan yangi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, tashqi va mintaqaviy siyosatning ustuvorliklari hamda prezident saylovi kampaniyasining borishi bilan yaqindan tanishdilar. Koʻp qirrali Oʻzbekiston — Amerika strategik sherikligining izchil rivojlanib borayotgani ham islohotlar siyosatining samarasi ekanligi alohida taʼkidlandi.

Muloqot doirasida Oʻzbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati hamda mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy merosiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi.

“Milliy press-klub” vitse-prezidenti, “Bloomberg” nashri sharhlovchisi Emili Uilkins soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash muhimligini taʼkidlar ekan, Oʻzbekistonda bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishilayotganidan voqif ekanligini qayd etdi. U mamlakatimizning sayyohlik va iqtisodiy salohiyati taqdimotini yuqori baholagani barobarida Vashington shahri jurnalistlar hamjamiyatining Oʻzbekiston haqida xabardorligini oshirish borasida diplomatiya missiyasi bilan yaqin hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.

“The Hill” nashri muxbiri Sarakshi Rai “Oʻzbekiston madaniyati va milliy taomlaridan, shuningdek, respublikada roʻy berayotgan oʻzgarishlarning yuqori surʼatlari hamda yaratilayotgan sayyohlik va sarmoyaviy imkoniyatlardan hayratlanganini” maʼlum qildi.

Mustaqil jurnalist Flavius Mixayes taqdimot bilan tanishgach, turli dinlar vakillari —musulmonlar, nasroniylar, yahudiylar asrlar davomida tinch-totuv yashab kelayotgan Oʻzbekistonda hukm surayotgan tolerantlik muhiti oʻzini hayratga solganini qayd etdi.

“Men bugun ikki ming yildan ziyod davr mobaynida oʻzbek jamiyatining bir qismi boʻlgan yahudiy jamoasining vakillari mamlakatingizda tinch-totuv yashab kelayotganini kashf etdim. Bagʻrikenglikning bunday noyob tajribasi haqida tez-tez aytib turish kerak, shunda koʻproq odamlar bu haqda bilishadi”, dedi u.

“Men dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻlganman va endi mening yangi maqsadim bor — Oʻzbekistonga borishni istayapman. Bugun biz mamlakatingiz haqida koʻp narsalarni bilib olganimiz holda Oʻzbekistonni qayta kashf etdik. Shubha yoʻqki, mamlakatingiz ulkan salohiyatga ega va men uni oʻz koʻzim bilan koʻrishni maqsad qildim”, dedi “Associated Press” agentligining Hindiston va Yaponiyadagi sobiq muxbiri Mayron Belkind.

Umuman olganda, Amerikaning yetakchi va Vashingtonda akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari yakdillik bilan diplomatiya vakolatxonaning keng qamrovda jurnalistlarni taklif etgan holda tashkil qilgan ushbu tadbiri Oʻzbekistonning xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ochiqlik siyosatini oʻzida aks ettiradi, degan fikrni bildirishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер