Oʻzbekistondan Saudiya Arabistoni va BAAga aviaqatnovlar boʻyicha cheklovlar bekor qilindi
Vazirlik xabariga koʻra, endilikda Oʻzbekiston hududidan ushbu davlatlarga ikki tomonlama (olib ketish va olib kelish) yoʻlovchi tashishga ruxsat berildi. Shu bilan birga, avval amal qilgan yoʻlovchi turi va fuqaroligi boʻyicha cheklovlar butunlay olib tashlandi.
Umra mavsumi yakunlanayotgani va “Haj – 2026” mavsumi yaqinlashayotgani sababli, Saudiya Arabistoni qonunchiligiga muvofiq barcha ziyoratchilar mamlakatni belgilangan muddatda tark etishlari shart. Shu munosabat bilan quyidagi qatʼiy choralar belgilandi:
— “Uzbekistan Airports” AJ barcha yoʻlovchilarda ortga qaytish chiptasi borligini tekshiradi. Chiptasi boʻlmaganlar roʻyxati har kuni “Oʻzaviatsiya” agentligidagi maxsus shtabga taqdim etiladi.
— Umra ziyoratchilarini tashish faqatgina Din ishlari boʻyicha qoʻmitadan tegishli litsenziya olgan turoperatorlar orqali amalga oshirilishi shart (Vazirlar Mahkamasining 668-sonli qarori asosida).
— Turoperatorlar har bir yoʻlovchiga, parvoz qaysi aviakompaniya tomonidan bajarilishidan qatʼi nazar, alohida borish-kelish aviachiptasini taqdim etishi lozim.
“Oʻzaviatsiya” agentligi aeroportlardan olingan maʼlumotlarni tahlil qilib, qaytish chiptasini taʼminlamagan masʼullarga nisbatan chora koʻrish uchun hujjatlarni Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Turizm qoʻmitasi va Prokuratura organlariga yuboradi.
Transport vazirligi mintaqadagi vaziyatni doimiy monitoring qilib borishini va oʻzgarishlarga qarab qoʻshimcha koʻrsatmalar berilishini maʼlum qildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring