Oʻzbekiston Afgʻonistonga elektr yetkazib berishni qayta tiklaydi
Foto: Illustrativ foto
Joriy yil 25-yanvar sanasidan boshlab Oʻzbekistondan Afgʻonistonga elektr energiyasini yetkazib berish qayta tiklanishi rejalashtirilmoqda.
Joriy yilning 14-yanvar sanasidan respublikamiz hududida havo haroratining keskin pasayishi oqibatida issiqlik elektr stansiyalarida yoqilgʻi taʼminotida vujudga kelgan muammolar, yaʼni yoqilgʻi tanqisligi va turli nosozliklar paydo boʻlgani, shuningdek, respublika isteʼmolchilarini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida Afgʻonistonga elektr energiyasini yetkazib berish vaqtinchalik toʻxtatilgan edi. Ushbu fors-major holati haqida Afgʻoniston energetika tashkiloti ogohlantirilgan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan va ichki isteʼmolga moʻljallangan elektr energiyasi eksportga yoʻnaltirmaydi.
Hukumatlararo kelishuvga muvofiq amalga oshiriladigan elektr energiyasi import amaliyotining bir qismi Afgʻonistonga (imzolangan shartnomalarga muvofiq) eksport qilinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring