Oʻzbekistondagi saylovlar xalqaro hamjamiyat eʼtiborida

16:01 12 Oktyabr 2019 Jamiyat
1385 0

Namanganda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlariga saylovlar oldidan saylovlarda xalqaro tashkilotlar va xalqaro kuzatuvchilar bilan hamkorlik masalalariga bagʻishlangan seminar-trening oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Namangan, Andijon, Fargʻona viloyatlari hokim oʻrinbosarlari, davlat va jamoat tashkilotlari, muassasalar, siyosiy partiyalar vakillari ishtirok etdi.

Seminar avvalida demokratik islohotlar chuqurlashib borayotgan mamlakatimizda saylov institutining huquqiy asoslari ham tobora takomillashib, xalqaro meʼyorlarga moslashtirib borayotgani, bu boʻlib oʻtgan saylovlar yakunlari boʻyicha xalqaro ekspert tashkilotlarning hisobotlarida ham eʼtirof etilayotgani taʼkidlandi. Jumladan, bu yilgi saylovlarda ham Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga aʼzo boʻlgan 57 davlatdan 250 nafarga yaqin qisqa muddatli, 30 nafar uzoq muddatli, shuningdek, boshqa davlat va xalqaro tashkilotlardan 300 ga yaqin, jami 600 nafardan ziyod kuzatuvchi ishtirok etishi kutilmoqda. Buoldinda turgan muhim siyosiy kampaniya jarayonlarida xalqaro tashkilotlar vakillari va kuzatuvchilar bilan oʻzaro aloqada ishlaydigan barcha subyektlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

Saylov komissiyalari, ishchi guruhlari aʼzolari, masalaga daxldor mutasaddilarning saylovlar boʻyicha milliy qonunchilik va xalqaro huquqiy meʼyorlar yuzasidan bilim va tajribalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan seminar qatnashchilari Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati xalqaro boʻlimi boshligʻi B.Ismoilovning milliy saylov qonunchiligining takomillashuvi samarasi – Saylov kodeksi, parlamentga saylovlarda xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlardan kuzatuvchilarning ishtirokini taʼminlash tartibi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ekspertlari – Moldova davlat universiteti professori Yu.Chokan va Moldova Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi V.Filipovning saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazishning, saylov jarayonlarida kuzatuvchilar faoliyatining xalqaro andozalari, saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazishda mahalliy hokimiyatning roli va oʻrni, Oʻzbekistonda saylovlarda xalqaro meʼyorlarga rioya etilishi yuzasidan Yevropada xavfsizlik va xamkorlik tashkiloti missiyasining xulosalari kabi mavzulardagi maʼruzalarini tingladilar.

Tadbir qatnashchilari kun tartibidagi masalalar yuzasidan savollariga batafsil javob oldilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV.“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер