Oʻzbekistonda zamonaviy hind tibbiyot muassasasi oʻz faoliyatini boshladi
Foto: Tashqi ishlar vazirligining ''Dunyo'' axborot agentligi
Tadbirda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov, “Aakash Healthcare” klinikasi boshqaruvchi direktori Ashish Chodri va boshqa mutasaddilarning nutqlari tinglandi. Shuningdek, marosimda Hindiston Tashqi ishlar va madaniyat davlat vaziri Minakshi Lekxi hamda mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov yoʻllagan videotabriklar namoyish etildi.
Poytaxtimizning Uchtepa tumanida ishga tushirilgan mazkur tibbiyot muassasasi 50 oʻringa ega boʻlib, unda ilgʻor amaliyotni oʻzida jamlagan ortopediya, pediatriya, endokrinologiya, nevrologiya, fizioterapiya, kardiologiya, ginekologiya, urologiya, umumiy jarrohlik, neyroxirurgiya, stomatologiya va boshqa qator boʻlinmalar faoliyat yuritadi.
Yangi ochilgan klinika mamlakatimiz va mintaqa aholisiga yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatish bilan birga respublikamizdagi shifokor va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, Hindistonning sogʻliqni saqlash sohasida erishgan muvaffaqiyatlarini tatbiq etishni maqsad qilgan.
Shuni ham qayd etish joizki, mazkur loyiha mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Sogʻliqni saqlash hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari va “Aakash Healthcare” kompaniyasi rahbariyati bilan soʻnggi ikki yil davomida olib borilgan muzokaralarning amaliy natijasi boʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring