Oʻzbekistonda Yangi yilning birinchi kuni qancha chaqaloq tugʻilgani maʼlum boʻldi
2020-yilning 1-yanvar kuni, yangi yilning ilk kuni davomida Oʻzbekistonda 1974 nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, bu soʻnggi uch yildagi eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Chunki, 2018-yilning xuddi shu kuni bu boradagi koʻrsatkich 1961 nafar, 2019-yilning 1-yanvar kuni esa 1708 nafarni tashkil etgan edi.
2020-yilning 1-yanvar kuni tugʻilgan chaqaloqlarning 970 nafari qiz, 1004 nafari esa oʻgʻil bola boʻlib, eng koʻp bola Samarqand viloyatida (235 nafar), ikkinchi oʻrinda Andijon viloyati (212 nafar) va uchinchi oʻrinda esa Fargʻona viloyati (196 nafar)da tugʻildi. Shuningdek, yangi tugʻilgan chaqaloqlar reytingining soʻnggi oʻrinlaridan Navoiy viloyati 46 nafar, Sirdaryo viloyati 51 nafar va Jizzax viloyati 75 nafar koʻrsatkich bilan joy olishdi. Dunyoga kelgan chaqaloqlarning 10 nafarini egizaklar tashkil qiladi.
Yurtimizda shu kunlari bayram munosabati bilan davom etayotgan dam olish kunlarida yurtimizdagi mavjud 218 ta tugʻruq kompleksida 2593 nafar tibbiyot xodimlari, jumladan, 389 nafar akusher ginekolog, 276 nafar neonatolog, 1928 nafar doya va hamshiralar tunu kun faoliyat koʻrsatishmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring