Oʻzbekistonda tibbiyotni raqamlashtirishga Turkiyadan yetakchi mutaxassislar jalb qilinadi
Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Turkiya Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Shuayib Birindji bilan videomuloqot oʻtkazdi.
Qayd etilganidek, Turkiya tibbiyoti dunyoda yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi. Ayniqsa, yuqori texnologik operatsiyalar, shoshilinch tibbiy yordam, tibbiy sugʻurta, raqamli tibbiyot va klaster tizimi kabi qator yoʻnalishlarda ushbu qardosh mamlakatdan oʻrganadigan jihatlarimiz koʻp.
Qolaversa, bu yerda aholining oʻrtacha umr koʻrish darajasi 78,6 yoshga teng boʻlib, bu dunyodagi yuqori koʻrsatkichlardan biridir.
Turkiya sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari bilan videomuloqotda tibbiyot sohasi boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Xususan, mamlakatimizda tibbiyotni raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish maqsad qilingan. Tizimda elektron xizmatlar qamrovi oshishi esa aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonda xalqaro tajriba asosida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishilgan. Birinchi bosqich sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilyapti.
2023-yildan boshlab, bu mexanizm Toshkent shahrida ham yoʻlga qoʻyladi. Shuningdek, yangi tizim Navoiy viloyatida tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Ana shu islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida Turkiyadan eng tajribali mutaxassislarni mamlakatimizga jalb qilish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, tibbiyot klasterlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimiga ilgʻor oʻqitish metodikalarini tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida Turkiya Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Sh. Birindji yuqorida keltirilgan yoʻnalishlarda Oʻzbekiston bilan oʻz tajribalarini almashishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Tomonlar kelishuviga muvofiq, yaqin kunlarda turkiyalik yetakchi mutaxassislar mamlakatimizga tashrif buyuradi. Ular yurtimizda sohani raqamlashtirish, tibbiy sugʻurta tizimini keng joriy etish, tibbiyot klasterlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish jarayoniga yaqindan koʻmaklashadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring