Maxsus komissiya ayrim cheklovlarni bekor qilishga oid yangi qaror qabul qildi
Soʻnggi vaqtda jahonda koronavirus infeksiyasining yangi shtammi tarqalishi munosabati bilan aholini emlash boʻyicha chora-tadbirlar sezilarli darajada jadallashdi. Xususan, AQSH, Buyuk Britaniya, Isroil, BAA, Xitoyda aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash ishlari keng koʻlamda amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan Respublika maxsus komissiyasining yigʻilishida mamlakatimizda barqaror epidemiologik vaziyatni saqlab qolish maqsadida koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari B.Yusupaliyevning Oʻzbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasining “Sputnik V” koronavirus vaksinasini oʻrganish yuzasidan ushbu mamlakatga tashrifi natijalari boʻyicha hisoboti eshitildi.
Unda “Sputnik V” vaksinasi uchinchi bosqich klinik sinovlari yakuniga yetkazilganligi hamda Rossiya Federatsiyasida roʻyxatdan oʻtkazilganligi, shuningdek, ushbu vaksinani Oʻzbekistonda sertifikatlashtirish va roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha takliflar kelib tushganligi taʼkidlandi.
Rossiya Federatsiyasi tomonidan taqdim etilgan uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari tahlili muhokama qilindi va birlamchi bosqichda sertifikatlashtirish hamda roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini boshlash mumkinligi maʼqullandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring