Oʻzbekistonda qancha parranda boqilmoqda?
Illyustrativ foto
Prezidentimizning 2018-yil 13-noyabrdagi “Parrandachilikni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori parrandachilik klasterlarini tashkil etish orqali sohani rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bugungi kunda yurtimizda 81 milliondan ziyod parranda boqilayotgan boʻlib, ular soni oxirgi 3 yilda 1,3 baravarga koʻpaygan. Tuxum va parranda goʻshtini yetkazish ham mutanosib ravishda oʻsib bormoqda. Bu boradagi raqamlarni aholi jon boshiga taqsimlaydigan boʻlsak, mamlakatimizda tuxum yetishtirish kishi boshiga 228 donaga, parranda goʻshti ishlab chiqarish esa 6 kg.ga toʻgʻri kelmoqda.
Yuqoridagi qarorga muvofiq, “Parrandasanoat” uyushmasi tomonidan sohani yanada rivojlantirish yoʻlidagi izlanishlar izchil davom ettirilmoqda.
Parranda nasilchiligini yaxshilash hamda parranda mahsulotlarini ishlab chiqarish sifatini oshirish maqsadida xorijiy kompaniyalar bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda.
Xususan, yaqinda Janubiy Koreyaning xonaki tovuqlaridan nasilli joʻjalar yetishtirishga ixtisoslashgan “Xan Xyu brider” kompaniyasi tomonidan yurtimizga Xan Xyu zotidan oʻn ikki mingta joʻja olib kelindi.
Maʼlum qilinishicha, bunday zotli joʻjalar tez semiradi. 18 haftada vazni 1,5 kg.gacha tosh bosadi. 120-150 kunda inkubatsion tuxum bera boshlaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring