Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini monitoring qilish va tahlil qilish vositasi ishga tushirildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq–ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universiteti (TXVU) oziq-ovqat narxlari maʼlumotlarini tarqatish va tahlil qilishni osonlashtirish uchun web-vosita boʻlgan oziq-ovqat narxlari monitoringi va tahlilini (FPMA) ishga tushirdi.
FPMA FAO va TXVU oʻrtasidagi “Narxlar va bozorlarning axborot tizimini texnik jihatdan joriy etish va Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligidagi alohida qoʻshilgan qiymat zanjirlari uchun tegishli tahlil” toʻgʻrisidagi kelishuvga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan strategik hamkorlikda ishga tushirildi.

FPMA vositasi katta hajmdagi narx maʼlumotlarini oson yoʻl bilan olish imkonini beradi. Bu foydalanuvchilarga aniq bir mahsulot narxlarni tezda koʻrib chiqish, mamlakatlar/bozorlar/tovarlar oʻrtasida taqqoslashlar oʻtkazish, grafikalar, maʼlumotlar va oʻrtacha koʻrsatkichlar, standart ogʻishlar va foiz oʻzgarishlari kabi asosiy statistik maʼlumotlarni yuklab olish imkonini beradi.
Vositaning global versiyasi 2010-yilda ishlab chiqilgan. Global miqyosda oziq-ovqat narxlarini kuzatish va tahlil qilish vositasini ishlab chiqishda erishilgan yutuqlar va tajribalarga asoslanib, ushbu vosita mamlakat miqyosida foydalanishga moslashtirildi. Narxlash vositasining mamlakat darajasidagi versiyasi global darajadagi vositaga qaraganda koʻproq mahsulot va bozorlarni oʻz ichiga oladi. TXVU vositani mamlakat darajasidagi “oʻz oʻrnida” muvaffaqiyatli oʻrnatishga erishgan FAOning birinchi hamkori boʻldi.

Oʻzbekistondagi vosita uch tilda – oʻzbek, ingliz va rus tillarida mavjud. Bugungi kunda ushbu vosita 2019-yil yanvar oyidan boshlab dehqon bozorlaridagi 77 ta oziq-ovqat mahsulotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Ushbu vosita TXVU Amaliy tadqiqotlar markazi (CPRO) tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. CPRO Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Statistika Qoʻmitasi va boshqa vazirliklar va idoralar bilan maʼlumotlar bazasiga kirish huquqini olish boʻyicha hamkorlik qiladi va, shu bilan birgalikda, Markaz mahalliy chakana bozordan maʼlumotlar yigʻishni ham boshladi.
Shuningdek, ushbu vosita Oʻzbekiston hukumatiga 2020-2030-yillarda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishda ham yordam beradi. Narxlar va bozor maʼlumotlari tizimlari qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun, ayniqsa, kichik yer egalari va oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari uchun muhimdir. Ishonchli narx maʼlumotlari bozor shaffofligini, raqobatbardoshlikni oshiradi va asosiy oʻyinchilar oʻrtasida daromadlar adolatli taqsimlanishini taʼminlaydi. Narxlar toʻgʻrisidagi oʻz vaqtidagi va ishonchli maʼlumotlar oziq-ovqat mahsulotlarining qoʻshimcha qiymat zanjirining barqaror rivojlanishiga yordam beradi va qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat tizimlarini sogʻlom ovqatlanish, kichik fermerlarning daromadlarini oshirish, hayot va atrof-muhit sharoitlarini yaxshilash uchun oʻzgartirishni qoʻllab-quvvatlaydi.
FPMAni ishga tushirishning maqsadi – uni milliy va xalqaro hamjamiyat va qaror qabul qiluvchilarga narxlar toʻgʻrisida oʻz vaqtida va ishonchli maʼlumot berish uchun qimmatli ommaviy vositaga aylantirishdir. Narxlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan turli xil milliy institutlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari foydalanishlari mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring