Oʻzbekistonda MDH tarixiga bagʻishlangan hujjatli film yaratiladi

11:53 24 Dekabr 2019 Madaniyat
1215 0

MDH Ijroiya qoʻmitasi MDH davlatlarining yutuq va muvaffaqiyatlari, Hamdoʻstlikning shakllanishi va rivojlanishi tarixining muhim bosqichlariga bagʻishlangan hujjatli filmlarni yaratishda Oʻzbekistonga har tomonlama yordam beradi.

Bu haqda Toshkentda “Oʻzbekkino” Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi Sergey Lebedev maʼlum qildi.

— MDH Ijroiya qoʻmitasi ushbu qiziqarli loyihani amalga oshirishda Oʻzbekistonga, xususan “Oʻzbekkino” ga har tomonlama yaqindan koʻmak beradi. Biz muzokaralarga, tashkiliy masalalarda maslahatlarimiz bilan yordam berishga tayyormiz. Ushbu hamkorlik Oʻzbekistonning kelgusi yilda MDHga raislik qilishida, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi , — dedi Lebedev.

U 2020-yilda qanday tadbirlar boʻlib oʻtishi va ularda Oʻzbekistondan suratga olish guruhi qay tarzda ishtirok etishini batafsil gapirib oʻtdi. Shuningdek, Lebedev “Oʻzbekkino” Milliy agentligiga “Mir” davlatlararo teleradiokompaniyasi bilan kinofilmlar boʻyicha hamkorlikdagi ishlarni tashkil etishda ham yaqindan yordam koʻrsatishga tayyor ekanligini bildirdi.

— Biz ushbu loyihani amalga oshirishda eng qisqa va samarali usullarni qidiramiz, — deya xulosa qildi Sergey Lebedev.

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining barcha sohalar va davlatlararo muloqotni kuchaytirish borasidagi tashabbuslari oʻzining amaliy natijalarini topishi juda muhimdir. Ishonchim komilki, biz ushbu loyihani yuqori darajada amalga oshira olamiz va kelgusi yilning asosiy voqealarini Oʻzbekistonning MDH ga raislik yili sifatida yoritib beramiz, — dedi “Oʻzbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqov.

Yaqin kelajakda tomonlar oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum imzolanadi va loyihani batafsil amalga oshirish ishlari koʻrib chiqiladi. Filmlar Oʻzbekiston va MDH davlatlarining 2020-yildagi hamkorligi haqida hikoya qilishi va MDH ga aʼzo davlatlar davlat kanallari orqali namoyish etilishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari kelgusi yilning 16-oktyabrida Toshkentda boʻlib oʻtadigan MDH ga aʼzo davlat rahbarlari sammitida 10 daqiqali hujjatli film tayyorlash va namoyish etish belgilab qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер