Oʻzbekistonda koronavirus yuqtirganlar soni birdan oshdi
Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʻra, joriy yilning 12-mart kuni Oʻzbekistonda yana 89 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etildi. Bu bir kun avvalgi koʻrsatkichdan qariyb ikki barobar koʻp. Vazirlik 11-mart kuni 45 kishida kasallik tasdiqlangani haqida xabar qilgan edi.
Bundan tashqari, kasallik aniqlangan hududlar soni ham koʻpaygan. Xususan, 12-mart kuni yangi zararlanish holatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Andijon, Samarqand, Xorazm, Toshkent viloyatlarida hamda Toshkent shahrida qayd etilgan.
Bir kun avval esa Andijon, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida kasallik aniqlangan.
Izohlanishicha, virusni yuqtirish holatlari koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda boʻlganlar orasidan aniqlangan.
Shu tariqa mamlakatimizda ushbu infeksiya bilan zararlanganlar soni 80481 nafarga yetdi.
Shundan 79145 bemor kasallikdan tuzalgan va Respublika boʻyicha umumiy sogʻayish koʻrsatkichi 99 foizni tashkil qilmoqda.
Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 714 nafar bemordan 148 nafari ogʻir, 27 nafari esa oʻta ogʻir ahvolda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring