Oʻzbekistonda koronavirus tarqalgan 14 davlatdan kelgan fuqarolarni karantinga olish haqida qaror qabul qilindi. Karantinni buzganlar javobgarlikka tortiladi
Oʻzbekiston bosh davlat sanitariya vrachi Bahrom Almatov yangi turdagi COVID-19 koronavirusi bilan kasallanish holatlari aniqlangan mamlakatlardan Oʻzbekistonga kelgan fuqarolarni karantin va izolyatsiyaga olish toʻgʻrisida qaror chiqargan. Qaror 27-fevralda imzolangan, biroq uning mazmuni haqida 4-martga kelibgina axborot berildi, deb yozadi Daryo.uz.
Qarorga koʻra, Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Italiya, Afgʻoniston, Yaponiyadan toʻgʻridan-toʻgʻri yoki boshqa davlatlar orqali, bir vaqtda uyushgan holda kirib kelgan fuqarolar 14 sutkaga karantinga olinadi. Ularga karantin mobaynida karantinizatsiya joyini tark etishga ruxsat berilmaydi. Karantin tugagach (shifoxonadan chiqqach), 10 kun mobaynida tibbiyot xodimi tomonidan telefon orqali soʻrash oʻtkaziladi.
Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Italiya, Afgʻoniston, Yaponiya, Fransiya, AQSH, Germaniya, Singapur, Ispaniya, Gonkong, Makao, Tayvandan toʻgʻridan-toʻgʻri yoki boshqa davlatlar orqali, uyushmagan holda kirib kelgan fuqarolar, agar oxirgi tashrifidan 14 kundan kam vaqt oʻtgan boʻlsa, uy sharoitida izolyatsiya (uy karantiniga) olinadi. Bu fuqarolar 14 sutka davomida yashash joyida (uy, mehmonxona, yotoqxona va boshqa) doimiy ravishda izolyatsiyada boʻlishi lozim, oila aʼzolaridan tashqari kishilar bilan muloqotda boʻlmasliklari, aholining ommaviy toʻplanadigan joylariga borishiga ruxsat etilmaydi.
Tailand, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Malayziya, BAAdan kelgan fuqarolar, xususan, ekipaj aʼzolari, lokomotiv brigadalari, temiryoʻl transporti faoliyati bilan bogʻliq shaxslar va xalqaro avtoulovlarda yuk tashish bilan shugʻullanadigan haydovchilar yashash joylaridagi davolash-profilaktika muassasalari shifokorlari tomonidan 14 kun mobaynida tibbiy kuzatuvga olinadi. Ularga aholi ommaviy toʻplanadigan joylarga bormaslik, odamlar bilan muloqotni mumkin qadar kamaytirish tavsiya qilinadi.
Bahrayn, Kuvayt, Armaniston, Belarus, Ummon, Pokiston, Gruziya, Chexiya, Iroq, Livan, Kanada, Litva, Estoniya, Ruminiya, Gretsiya, Niderlandiya, Norvegiya, Avstriya, Daniya, Shvetsiyadan kelgan fuqarolarning sogʻlik holati yuzasidan esa distansion monitoring olib boriladi — agar ularning oxirgi tashrifidan 14 kundan kam vaqt oʻtgan boʻlsa, ulardan telefon orqali xabar olinadi. Ayni vaqtda, ularga ham aholi ommaviy toʻplanadigan joylarga bormaslik, odamlar bilan muloqotni kamaytirish boʻyicha tavsiyalar beriladi.
Qaror ilovasida alohida taʼkidlanishicha, Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Italiya, Afgʻoniston, Yaponiya, Fransiya, AQSH, Germaniya, Singapur, Ispaniya, Gonkong, Makao, Tayvandan toʻgʻridan-toʻgʻri yoki boshqa davlatlar orqali, bir vaqtda uyushgan yoki uyushmagan holda Oʻzbekistonga kirib kelgan hamda shifoxonada yoki uy sharoitida karantinga olingan shaxslar tomonidan intizomni buzish holatlari kuzatilsa, ular Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning uch baravari (4-mart holatiga — 669 ming soʻm)dan 5 baravari (1,115 ming soʻm)gacha jarima), Jinoyat kodeksining 195-moddasi (mansabdorlar tomonidan atrof tabiiy muhitning ifloslanishi oqibatlarini bartaraf qilish choralarini koʻrmaslik — kamida 22,3 million soʻm jarima, koʻpi bilan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi) va 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish — kamida 11,15 millin soʻm jarima, koʻpi bilan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi) boʻyicha javobgarlikka tortiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring