Oʻzbekistonda italiyalik hamkorlar bilan naslchilik agroklasteri ishga tushirildi
Oʻzbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiya chorvadorlari uyushmasi (AIA) bosh direktori Mauro Donda va Italiya milliy quyonchilik uyushmasi (ANCI) prezidenti Serdjo Pompa bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida ushbu uyushmalar mamlakatimiz idoralari va tadbirkorlari bilan bir necha yildan beri olib borayotgan hamkorligi natijasida erishilgan katta yutuq – Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida barpo etilgan dunyodagi eng yirik va eng zamonaviy quyonchilik majmuasi faoliyati muhokama qilindi.
Italiya texnologiyalari asosida barpo etilgan quyonchilik majmuasi yiliga 2 million quyon yetishtirish, 2 ming tonna quyon goʻshti, quyonlar uchun 80 ming tonna toʻliq ratsionli omixta yem ishlab chiqarish quvvatiga ega. Jarayonlar chiqindisiz uslubda tashkil etilgan boʻlib, bu yerda 36 ming tonna tabiiy oʻgʻit ham ishlab chiqariladi, quyon terilari esa qayta ishlashga yoʻnaltiriladi.
Mamlakatimizda yaratilgan korxonaning asosiy afzalligi – bu yerga Italiya tomonidan eng yuqori sifatli genetik material va naslli quyon urgʻochilari yetkazib berilgan. Natijada korxona naslli quyonlar avlodini koʻpaytirish imkoniyatiga ega boʻlgan.
Italiya milliy quyonchilik uyushmasi mutaxassislari korxona bilan yaqindan hamkorlik qilib, barcha jarayonlarni onlayn tarzda kuzatib boradi. Buning natijasida hayvonlar sogʻligi, berilayotgan yem tarkibi, qoʻllanishi lozim boʻlgan dorivorlar boʻyicha tavsiyalar beriladi.
Hozirda korxona quyon goʻshtini qoʻshni bozorlarga muvaffaqiyatli eksport qilmoqda va yangi salohiyatli importchi mamlakatlar bilan muzokara olib bormoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring