Oʻzbekistonda EKU va sunʼiy urugʻlantirish tartib-qoidalari tasdiqlandi
Arxiv surat
Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi bilan yordamchi reproduktiv texnologiyalarni amalga oshirish tartibi tasdiqlandi.
Yordamchi reproduktiv texnologiyalar (YORT) - bu urugʻlantirishning ayrim yoki barcha bosqichlarida ayolning organizmidan tashqarida amalga oshiriladigan homiladorlikka erishishga qaratilgan tibbiy texnologiyalar, davolash usullari va muolajalari.
Eslatib oʻtamiz, YORTdan foydalanish “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonun bilan reglamentlangan.
YORT erkak va ayolning ixtiyoriy roziligi asosida reproduktologiya ixtisosligi boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladi. Bu haqda belgilangan shaklda tegishli ariza beriladi. Taomilni amalga oshirish chogʻida klinikalar shifokorlik sirini va axborotning maxfiyligini saqlaydi.
Bepushtlik sabablarini aniqlash va YORTdan foydalanish maqsadida birinchi navbatda bemorlar birlamchi tekshiruvlardan (jami 5 ta tur) oʻtadilar. Tekshiruvlar davomiyligi- 6 oydan koʻp boʻlmagan muddat. Bepushtlik sababi aniqlangan bemorlarda davolash(konservativ va jarrohlik) oʻtkazilgandan soʻng 9-12 oy davomida homiladorlik kuzatilmasa, ular YORT yordamida davolanishga yuboriladi. 35 va undan katta yoshdagi ayollar shifokorlar konsiliumining qarori boʻyicha ushbu muddat oʻtgunga qadar davolash bosqichini chetlab oʻtib, YORTga yuboriladi.
YORT dasturiga tayyorlashda ularni qoʻllashga qarshi koʻrsatmalar aniqlanadi (toʻliq roʻyxat hujjatga ilovada keltirilgan). Buning uchun erkak va ayol jumladan zarur tahlillar topshirishni oʻz ichiga olgan tegishli tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Tekshiruv natijalariga koʻra bemorlarga quyidagi YORT usullari tayinlanadi:
ekstrakorporal urugʻlantirish;
sunʼiy urugʻlantirish;
xetching;
kriokonservatsiya;
spermatozoidning intratsitaplazmatik inyeksiyasi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 6.02.2020-yildan kuchga kirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring