O‘zbekistonda Braziliya elchixonasi ochilishi mumkin

11:10 11 Oktyabr 2023 Siyosat
434 0

Foto: Twitter Furqat Sidiqov

Braziliya hukumati tomonidan Toshkentda elchixona ochish masalasi o‘rganib chiqilmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Sidiqov va Braziliyaning AQSHdagi elchisi Mariya Viotti bilan uchrashuvi vaqtida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Mariya Viotti Braziliyada o‘rnatilgan protokol tartib va taomillarga muvofiq hamda O‘zbekiston elchisini akkreditatsiya qilish masalasini tezlashtirish maqsadida, ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi unga ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilish uchun vakolat berganligini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan Braziliyaning AQSHdagi diplomatik vakolatxonasida O‘zbekistonning Braziliyadagi elchisi (qarorgohi Vashingtonda) tayinlanganligi to‘g‘risidagi ishonch yorlig‘i nusxasini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

«O‘zbekiston rahbariyatiga Braziliyadagi o‘z vakilini tayinlash to‘g‘risidagi qarori uchun hukumatim nomidan minnatdorlik bildiraman. Bu endilikda ikki tomonlama kun tartibini sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilishiga ishonaman», - dedi Mariya Viotti.

Mamlakatimiz diplomatik missiyasi rahbari, o‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidentining qat’iy irodasi va ko‘rsatmalariga binoan mamlakatimiz Braziliya bilan aloqalarni har tomonlama rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishdan, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mudofaa sohalarida keng qamrovli qo‘shma savdo-investisiyaviy loyihalarni ishlab chiqishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Braziliya elchisi  so‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo aylanma misli ko‘rilmagan darajada oshib yanvar-avgust oylarida 500 million dollarga yetganini, O‘zbekiston Braziliyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy iqtisodiy hamkoriga aylanganini qayd etdi.

Savdo aylanmasida balansni ta’minlash maqsadida Braziliya tomoni O‘zbekistondan turli nomenklaturadagi tovarlar eksportini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Pirovard yo‘nalish sifatida mamlakatimizdan mineral o‘g‘it va oziq ovqat mahsulotlari eksportini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqish taklif etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ishonch yorlig‘ining asl nusxasini Braziliya Prezidenti Luis da Silvaga topshirish uchun O‘zbekiston elichisining ushbu mamlakatga tashrifini joriy yilning oxiriga qadar uyushtirish bo‘yicha kelishib oldilar. Safar davomida rasmiy uchrashuvlardan tashqari asosiy urg‘uni iqtisodiy kun tartibga qaratgan holda mamlakatning yirik ishbilarmonlar doiralari vakillari, savdo palatalari, turli tijoriy uyushmalari va yetuk korxonalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazish masalasi birgalikda ishlab chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, Furqat Sidiqov  joriy yil may oyi boshida Prezident Jo Baydenga O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi sifatidagi ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер