Oʻzbekistonda bir soatdan koʻp majlis qilish mumkin emas — Prezident

20:11 27 Yanvar 2021 Siyosat
3686 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan yangicha ishlash tizimini tashkil etish boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.

Yigʻilishda joylarda majlisbozlikka mutlaqo chek qoʻyish kerakligi, viloyat va tuman hokimlari faqat Prezident Administratsiyasi rahbaridan ruxsat olgandan soʻng majlis oʻtkazishi, shunda ham ular bir soatdan oshmasligi lozimligi aytildi. Faqat iqtisodiyot sektori va soliq idoralari vakillari hisobotlarni taqdim etish uchun chaqirilishi taʼkidlandi.

- Kerak boʻlmagan majlisni oʻtkazgan rahbar ishdan ketadi. Bir soatdan koʻp majlis qilish mumkin emas Oʻzbekistonda, - dedi Prezident.

Sektor rahbarlari tomonidan yoshlar masalalari bilan ishlash borasida aniqlangan muammolar yechimi muhokama qilindi. Dastlab Fargʻona viloyati va Oltiariq tumani hokimining hisobotlari eshitildi.

Tuman va shahar hokimlari oʻrinbosarlari, joylardagi tashkilot rahbarlari oʻz faoliyatini bandlik, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, jinoyatchilikni jilovlash, ularda vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish kabi vazifalar asosida tashkil qilishi taʼkidlandi.

Buning uchun, barcha viloyat, tuman va shaharlarda mahallalar kesimida “yoshlar balansi”ni “mahallabay” shakllantirish kerakligi aytildi. Har bir sektor rahbari yoshlarning “mahallabay” balansini chiqarib, ishlarga aniq hisob-kitob va ilm bilan yondashsa natija boʻlishi qayd etildi.

Mutasaddilarga har bir tuman, shahar, mahalla kesimida “Yoshlar balansi”ni shakllantirib, elektron bazani toʻliq ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер