Oʻzbekistonda 10 yil davomida 5000 MVt.li quyosh va 3000 MVt.li shamol elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan
Oʻzbekiston oʻz oldiga 2030-yilgacha elektr energiya ishlab chiqarilishining umumiy hajmida QEM ulushini (qayta tiklanuvchi energiya manbalarini) 25 foizga oshirish maqsadini qoʻymoqda. Hozirgi paytda ushbu koʻrsatkich 10 foizni tashkil etadi. Bunday natijalarga erishish uchun Energetika vazirligi tomonidan qayta tiklanuvchi energetikada yirik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha faol choralar koʻrilyapti.
10 yil davomida umumiy quvvati 5000 MVt ga teng quyosh elektr stansiyalarini va umumiy quvvati 3000 MVtga teng shamol elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan.
Shu maqsadda bugungi kunda Energetika vazirligi tomonidan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki koʻmagida toʻgʻridan- toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladigan ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun investorlarni tanlab olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2021-yilning oxirigacha Oʻzbekistonda har birining quvvati 100 MVt ga teng ikki fotoelektr (quyoshli) stansiyalarini foydalanishga topshirish moʻljallanmoqda.
Ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliyaviy korporatsiya (IFC) ishtirokida davlat-xususiy sherikligi dasturi asosida fotoelektr (quyoshli) stansiyalarini qurish boʻyicha “Scaling solar II” loyihasi amalga oshirilmoqda. IFC quyosh energetikasi sohasidagi loyihalarni tizimlashtirish va tenderlar oʻtkazishda yordam koʻrsatish maqsadida yetakchi maslahatchi sifatida jalb qilingan.
2019-yilda Oʻzbekistonda IFC koʻmagida xalqaro tender savdolarining birinchi bosqichi oʻtkazildi, uning natijalari 4-oktyabrda eʼlon qilindi. Tender Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan birinchi FES qurilishi boʻyicha oʻtkazildi.
Xalqaro tenderning birinchi bosqichida XXR, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, BAA, Hindiston, Janubiy Afrika, Rossiya, Ispaniya, Norvegiya va Fransiyadan 23 ta kompaniya ishtirok etdi, shundan 11 ta kompaniya malakaviy tanlovdan oʻtdi.
Tender tijoriy takliflari 5 ta kompaniya: “Acwa Power” (Saudiya Arabistoni); “Jinko Power” va “Aljoimah Energy & Water Consortium” (XXR/Saudiya Arabistoni); “Masdar” (BAA); “TBEA Xinjianing Sunoasis Co Ltd” (XXR) va “Total Eren” (Fransiya) tomonidan taklif qilindi.
Daʼvogarlarning texnik va tijoriy takliflarini oʻrganish va ularni baholash natijalariga koʻra, tender komissiyasi tomonidan xalqaro tenderning birinchi bosqichi gʻolibi deb ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 1kVt.s 2,679 AQSH sentiga teng va qurilish muddati 12 oy boʻlgan “Masdar” (BAA) kompaniya gʻolib deb eʼlon qilindi. BAA ekspertlari bahosiga koʻra, quyoshli elektr stansiya yiliga 60 mln. KVt•s elektroenergiya ishlab chiqaradi.
Yil boshidan buyon 1 GVt quyosh energiyasi quvvatiga erishish yuzasidan yirik hukumat tashabbusi doirasida ushbu loyiha boʻyicha tender savdolarining ikkinchi bosqichini tashkil qilish ishlari olib borilmoqda. “Scaling solar II” doirasida Oʻzbekistonning Samarqand va Jizzax viloyatlarida har birining quvvati 200 MVt.ga teng ikkita fotoelektr stansiyalarini qurish boʻyicha tender eʼlon qilingan. Birinchi tenderning samaradorligini hisobga olib, ikkinchi bosqich natijalariga koʻra ishtirokchilar sonining ortishi kutilmoqda, bu esa tariflarni yana-da pasaytirish imkonini beradi.
Taʼkidlash kerakki, “Masdar” kompaniyasi ishtirokida Oʻzbekistonda shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha loyiha amalga oshiriladi. Zarafshon shahrida umumiy quvvati 500 MVt ga teng shamol elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan.
Masdar Abu-Dabi Hukumatining “Mubadala Investment Company” investitsiyaviy xoldingining shoʻba korxonasi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniyaning amalga oshirilgan investitsiyaviy loyihalari portfeli oʻz ichiga qayta tiklanuvchi manbalardan elektr energiyani ishlab chiqarish boʻyicha oʻrnatilgan 4000 MVt quvvatlarni qamrab oladi.
YETTB Oʻzbekiston Hukumatiga shamol energiyasi boʻyicha loyihalarni rivojlantirishda amaliy yordam koʻrsatmoqda, ularning umumiy quvvati 1000 MVt ni tashkil qiladi. Qoraqalpogʻistondagi 100 MVt li loyihaga tender yaqin kunlarda eʼlon qilinadi.
Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida Energetika vazirligi tomonidan shu yilning
1-fevralida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida FES qurilishi boʻyicha birinchi sinov loyihasining boshlanganligi eʼlon qilindi. Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida ishlab chiqilgan 1 GVt quyosh energiyasi quvvatiga erishish boʻyicha Dasturning bir qismi hisoblanadi.
Loyihaga muvofiq kamida 200 MVt oʻzgaruvchan tok quvvatiga ega quyoshli elektr stansiya, jumladan, 220 kV kuchlanishli yangi podstansiya barpo etiladi hamda 500 kV kuchlanishli “Surxon” podstansiyasiga ulanish uchun 52 kmuzunlikdagi elektr uzatish tarmogʻi tortiladi.
Bugungi kungacha tenderda ishtirok etish uchun 54 ta kompaniya buyurtma bergan, bu esa investorlarning Oʻzbekistonda QEM sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga boʻlgan kuchli qiziqishidan dalolat beradi. Bundan tashqari, tanlov ishtirokchilari geografiyasi ham kengaydi, ularga jumladan, Yevropa mamlakatlaridan yangi kompaniyalar ham qoʻshildi.
OTB Oʻzbekiston Hukumatiga energetika sektorida asosiy islohotlarni amalga oshirishda, shu jumladan, mamlakatda quyosh energetikasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan tadqiqotlar, 2013-yilda ochilgan Quyosh energiyasi institutidan tortib, 2014-yilda quyosh energetikasini rivojlantirish boʻyicha Yoʻl xaritasini qabul qilish va Oʻzbekistonning quyosh energiyasi salohiyatini baholash boʻyicha qator tadqiqotlarni olib borishda yordam koʻrsatmoqda.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Hukumati QEM loyihalarida ishtirok etish boʻyicha yaxshi shartlarni taklif qilayotgan yirik kompaniyalar bilan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralarni olib bormoqda.
Xususan, “TOTAL Eren” kompaniyasi (Fransiya) bilan Samarqand viloyatining Nurobod tumanida fotoelektr stansiya barpo etiladi. Umumiy quvvati 100 MVt ga teng FES qurish va foydalanishga topshirish boʻyicha tegishli bitim 2019-yil sentyabrida imzolangan. Ushbu loyihaning birinchi asosini 2018-yil oktyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fransiyaga tashrifi paytida imzolangan bitim va tegishli qarori tashkil etadi.
Yana bir yirik kompaniya — ACWA Power (Saudiya Arabistoni) bilan quvvati 500–1000 MVt ga teng shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha bitim imzolandi. Bunda investitsiyalar 550–1,1 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi. Shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi 2023-yilga moʻljallanmoqda.
ACWA Power elektr stansiyalari va chuchuklashtirilgan suv ishlab chiqarish boʻyicha ishlab chiqaruvchi, investor va operator hisoblanadi. Hozirgi paytda kompaniya Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Osiyodagi 12 ta mamlakatda ish yuritadi. ACWA Power portfeli investitsiyaviy qiymati 45,5 mlrd AQSH dollariga teng boʻlgan, 31 GVt elektroenergiya va 5,2 mln.M3/kun chuchuklashtirilgan suv ishlab chiqaruvchi 56 ta aktivni qamrab oladi.
Unga 2004-yilda Ar-Riyodda asos solingan ACWA Power hozirgi paytda toʻqqizta Saudiya konglomeratlari, jumladan, Vision Xalqaro investitsiyaviy kompaniyasi, Davlat investitsiyalari jamgʻarmasi (DIJ), Saudiya Arabistonining Davlat pensiya agentligining mulkdori hisoblanadi.
Oʻzbekistonda bosqichma bosqich amalga oshirilayotgan loyihalarning soni muttasil koʻpayib bormoqda. Ushbu loyihalar boʻyicha investorlarning takliflari, davlat kafolatlari berilishini koʻzda tutmasa-da, energetika bozorining yirik vakillarining mamlakatimizda jiddiy ish yuritishga qiziqishi ortib borayotganligidan dalolat beradi.
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring