“Oʻzbekiston yoshlari – yangi zamon bunyodkorlari!

17:40 23 Noyabr 2018 Jamiyat
6573 0

Foto: Ilhom Rahmatov/“Xalq soʻzi Online”

“Xalq soʻzi Online”. Ilhom Rahmatov. Surxondaryoda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi oldidan “Oʻzbekiston yoshlari – yangi zamon bunyodkorlari!” shiori ostida yoshlar festivali oʻtkazilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi hamda“Yoshlar – kelajagimiz “ davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonlari ijrosini taʼminlash, shuningdek, Bosh qomusimizda belgilangan normalarni yoshlar oʻrtasida keng targʻib etishni maqsad qilgan yoshlar festivali keng qamrovli, turli yoʻnalishdagi loyihalarni oʻzida mujassam etgan.

Deputatlar, yosh olim va mutaxassislar, shoir va yozuvchilar, kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalari, tadbirkorlar hamda sportchilardan iborat targʻibot guruhi poyezdi Termiz temir yoʻl vokzalida tantanali kutib olindi.

Olti guruhga boʻlingan targʻibot guruhi aʼzolari viloyatning shahar va tumanlarida boʻlib yoshlar bilan bevosita uchrashuv, davra suhbati, mahorat darslarini oʻtkazishmoqda. Jumladan, joylarda “Hokim va yoshlar”, “Prokuror va yoshlar”, “Deputat va yoshlar” mavzusidagi ochiq muloqotlar uyushtirilyapti. “Konstitutsiya haftaligi” loyihasida huquqiy sohaga tegishli kitoblar va risolalar koʻrgazmasi, trening, viktorina hamda munozaralarda yoshlar faol ishtirok etmoqda.

Foto: Ilhom Rahmatov/“Xalq soʻzi Online”

Shuningdek, yoshlar festivali dasturidan “Farzandlik burchim” patranaj yoshlar loyihasi, “Kelajak bunyodkorlari”, “Yoshlar kutubxonasi”, “Karyera kuni”, “Mustahkam oila siri”va “Sport haftaligi” kabi rang-barang loyihalari ham oʻrin olgan.

“Surxondaryo viloyati aholisining 1,5 millioni yoshlardan iborat ekani inobatga olingan holda, yosh avlod manfaatini toʻlaqonli taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hozirda viloyatdagi Oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 500 nafar talabalar uchun kontrakt pullari Yoshlar ittifoqi tomonidan toʻlab berilmoqda. Yoshlar ittifoqi tomonidan 100 ga yaqin jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarga nogironlik aravachalari berildi. Termiz shahrida yosh oilalar uchun 15 ta yetti qavatli uylar qurib bitkazildi. Ayni kunlarda yana 112 xonadondan iborat uy-joylar qurilishi davom etmoqda.

“Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat yoshlariga 22 milliard soʻmdan ortiq kredit mablagʻlari ajratildi. Natijada mingga yaqin yangi ish joylari yaratildi.

Mazkur festival ham asosan yoshlarni ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashni koʻzlagani bilan ahamiyatlidir”, - deydi Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi oʻrinbosari Begmat Ochilov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер