Oʻzbekiston va Turkiya yetakchilari Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birini qutladi
12-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutladilar. Ushbu muqaddas ayyomning barcha musulmonlar uchun alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etib, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor qildilar.
Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini batafsil muhokama qildilar. Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq murakkab sharoitda koʻp qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.
Xususan, turli darajalarda oʻzaro almashinuv va muloqotlar faollashdi. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 40 foizga ortdi, 164 ta yangi qoʻshma korxona tashkil etildi, hududlar oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Samarqand shahrida Turkiya konsulligi oʻz ishini boshladi. Qoʻshma madaniy-gumanitar dasturlar, shu jumladan taʼlim, kinematografiya va sport sohalarida amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbarlari Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yigʻilishini oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻrish muhim ekanini qayd etdilar.
Shu maqsadda kelgusi oyda Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi hamda biznes-forum oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, transport, turizm, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning borishi koʻrib chiqildi.
Telefon muloqoti chogʻida yetakchilar xalqaro siyosat masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Prezidentlar Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi munosabati bilan chuqur xavotirda ekanliklarini bildirdilar. Falastin-Isroil muammosi xalqaro huquq normalariga muvofiq, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan avval qabul qilingan rezolyutsiyalar asosida tinch yoʻl bilan hal etilishi lozimligi qayd etildi.
Turkiy kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlarining muloqoti har doimgidek oʻzaro ishonch ruhida, ochiq va doʻstona oʻtdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring