Oʻzbekiston va Qozogʻiston yetakchilari “Medeu” togʻ-changʻi klasterini borib koʻrdilar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev “Medeu” togʻ-changʻi klasteriga tashrif buyurdilar.
Davlatimiz rahbariga sel-suv toshqinlaridan himoya qilish maqsadida dengiz sathidan 1750 metr balandlikda barpo etilgan “Medeu” toʻgʻonining yaratilish tarixi va arxitekturaviy xususiyatlari haqida soʻzlab berildi.
“Medeu” toʻgʻonining tepasiga 842 pogʻonadan iborat “Salomatlik zinapoyasi” olib boradi. 2011-yilda toʻgʻon yonida “Shimbuloq” togʻ-changʻi maskaniga eltuvchi 4,5 kilometr uzunlikdagi dor yoʻli qurilgan.
“Medeu” sport majmuasi 1972-yilda barpo etilgan boʻlib, dengiz sathidan 1700 metr balandlikda joylashgan.
Majmua muz maydonining yuzasi 10,5 ming kvadrat metr boʻlib, bir vaqtda 3 ming nafargacha kishini qabul qila oladi. Har yili unga 400 mingdan ortiq mehmon tashrif buyuradi.
Bugungi kunda majmua sport, turizm va madaniyat klasteri sifatida faoliyat yuritmoqda. Sport musobaqalari, ommaviy konki uchish, madaniy tadbirlar, festivallar muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
2011-yilda bu yerda VII qishki Osiyo oʻyinlari, 2017-yilda Butunjahon Universiada musobaqalari oʻtkazilgan.
Tanishuv chogʻida Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari yosh figurali uchuvchilarning koʻrgazmali chiqishlarini tomosha qildilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring