Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi
Joriy yilning 25-yanvar kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev va Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Baxit Torobayev boshchiligida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hukumat delegatsiyalari oʻrtasida boʻlib oʻtgan kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda ishtirok etdi. Uchrashuvda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari masʼul rahbarlari ham qatnashdi.
Diqqat markazida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi kun tartibi, uni kengaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar boʻldi. Shu nuqtayi nazardan, barcha sohalarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi sheriklikni yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki berishi kutilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Qirgʻiziston Respublikasiga boʻlajak davlat tashrifining ahamiyati qayd etildi.
Oliy darajadagi tashrif doirasida “Oʻzbekiston-Qirgʻiziston” biznes-forumini oʻtkazish rejalashtirilgan. Yigʻilishda mazkur tadbirga tayyorgarlik ishlari atroflicha muhokama qilindi. Unda ikki mamlakatning kimyo, toʻqimachilik, energetika, avtomobilsozlik sanoati, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa sohalarga ixtisoslashgan ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq yetakchi vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Forum doirasida yalpi majlis va panel sessiyalar, shuningdek, B2B formatidagi uchrashuvlar va muzokaralar oʻtkaziladi, ular natijasida 10 dan ortiq ikki tomonlama bitimlar va investitsiya shartnomalari imzolanishi rejalashtirilgan.
Muzokaralar chogʻida ikki mamlakat iqtisodiyotlarining raqobatdosh ustunliklarini ishga solish orqali sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda oʻzbek va qirgʻiz ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida oʻzaro bogʻliq qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratishda muhim vositaga aylangan Oʻzbekiston-Qirgʻiziston taraqqiyot jamgʻarmasi faoliyati alohida muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston-Qirgʻiziston taraqqiyot jamgʻarmasi 2022-yil aprel oyida Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, ikki davlat iqtisodiyotlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, shuningdek, ustuvor sohalardagi oʻzaro manfaatli investitsiya loyihalarini moliyalashtirish orqali ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan.
Tomonlar Jamgʻarma faoliyati samaradorligini oshirish, uning doirasida rejalashtirilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha aniq qoʻshma chora-tadbirlarni belgilab oldilar.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari, kimyo va toʻqimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari alohida koʻrib chiqildi. Temir yoʻl va avtomobil yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishni nazarda tutgan holda transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari tahlil qilindi. Energetika va qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlikni oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, tomonlar logistika, turizm, sport infratuzilmasini rivojlantirish kabi yangi yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida muhokama qilingan barcha tashabbus va loyihalar boʻyicha yaqin hamkorlikda ishlashni davom ettirishga oʻzaro sodiqlik bildirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring