Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida taʼlim va sogʻliqni saqlashni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha grant shartnomalar imzolandi

18:33 09 Dekabr 2023 Jamiyat
559 0

Foto: Arxiv surat

KfW Germaniyaning taraqqiyot banki delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida mazkur bankning katta portfel menejeri Vitalis Ritter va Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov qator ikki tomonlama muhim hujjatlarni imzoladilar.

Asosiy kelishuvlardan biri “Oʻzbekiston Respublikasida kasb-hunar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirishga qaratilgan grant shartnomasi boʻldi. Shartnomaga koʻra, Oʻzbekistonga umumiy qiymati 16 million yevro miqdorida grantlar ajratiladi. Ushbu mablagʻning 14 millioni Oʻzbekistondagi bandlikka koʻmaklashish markazlari qoshida monomarkazlarni qurish, taʼmirlash va jihozlash hamda kasb-hunarga oʻqitishga sarflanadi. Bundan tashqari, loyihani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun 2 million yevro ajratiladi.

“Termiz shahrida tibbiyot kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi boʻyicha grant shartnomalari ikkinchi muhim qadam boʻldi. Ushbu shartnomada Termiz shahrida simulyatsiya oʻquv markazini tashkil etish uchun 13 million yevro hamda kadrlar malakasini oshirish faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun yana 500 ming yevro miqdorida mablagʻ ajratiladi.

Mazkur loyihalar Oʻzbekistonda taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarini rivojlantirish, fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan muhim loyihalar hisoblanadi. Shuningdek, ular mamlakatimizga taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida Germaniyaning ilgʻor tajribasi va texnologiyalarini jalb qilishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер