FAO va Oʻzbekiston oʻrtasida 2025-yilgacha hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi
Bu haqda yaqinda Toshkentda BMTning ushbu tuzilmasi vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan davra suhbatida maʼlum qilindi.
FAO va Oʻzbekiston oʻrtasidagi 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan Mamlakat hadli dasturi oʻzaro hamkorlikni yana-da kengayishiga turtki boʻladi va tegishli yoʻl-yoʻriqlarni belgilab beradi. Barqaror rivojlanish boʻyicha milliy ustuvor vazifalarga muvofiq FAO 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish boʻyicha kun tartibini amalga oshirish yuzasida hukumatni qoʻllab-quvvatlash va qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarining qiymat zanjiri boʻylab oziq-ovqat tizimlarining barqarorligiga erishishga yordam berish majburiyatini olgan.
Mamlakat hadli dasturi (MHD) qishloq, oʻrmon xoʻjaligi va baliqchilikda yetishtiriladigan, shuningdek, iqtisodiy, ijtimoiy va tabiiy muhit oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash, tarqatish va isteʼmol qilish tizimini isloh qilishga qaratilgan. Mamlakat hadli dasturini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻ taxminan 17 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Tadbir davomida FAOning Markaziy Osiyo boʻyicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu va FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida rejalashtirilgan dasturlar va tadbirlarni milliy hamda xorijiy hamkorlar eʼtiboriga havola etdilar.
Tadbirda BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori idorasi vakillari, shuningdek tegishli vazirliklar, idoralar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Mamlakat hadli dasturi oziq-ovqat tizimini isloh qilish bilan bogʻliq boʻlgan milliy ustuvor maqsadlarga erishish boʻyicha Hukumatni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ning milliy ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq ushbu MHD doirasida FAO Barqaror rivojlanish boʻyicha kun tartibini amalga oshirish yuzasida hukumatni qoʻllab-quvvatlaydi va qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarining qiymat zanjiri boʻylab oziq-ovqat tizimlarining barqarorligiga erishishini taʼminlashga yordam beradi.
Strategik ustuvor yoʻnalishlardan biri — aholi salomatligi va farovonligiga olib keladigan inson kapitalini inklyuziv rivojlantirishdir. 2025-yilga kelib, yoshlar, ayollar va aholining zaif qatlamlari hayot kechirish uchun zarur mablagʻlarni, munosib ish joylarini topishda keng qamrovli imkoniyatlarga ega boʻlishi kutilmoqda. Bunday imkoniyatlar inklyuziv va adolatli iqtisodiy oʻsish hisobiga yaratiladi.
Yana bir ustuvor yoʻnalish — bu barqaror rivojlanish va iqlim oʻzgarishlarini hisobga olgan holda rivojlanishdir. Kutilayotgan natijalarga koʻra, kelgusi besh yil ichida Oʻzbekistondagi eng xavfli mintaqalarning iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlarga chidamlilik darajasi oʻsadi. Bundan tashqari, tabiiy resurslar va infratuzilmani tobora barqaror va gender jihatidan samarali boshqarish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha faol harakatlar, atrof-muhitni muhofaza qilish faoliyatini inklyuziv boshqarish hisobiga qoʻshimcha foyda olinadi.
“Bu yil Oʻzbekiston FAOga aʼzo boʻlganligining 20 yilligi nishonlanmoqda”, — deydi FAOning Bosh direktori oʻrinbosari hamda Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili Vladimir Raxmanin. — Bu davrda hamkorligimiz muttasil rivojlanib bordi va 2020-yilda Oʻzbekiston raisligida FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha Mintaqaviy konferensiyasining muvaffaqiyatli oʻtkazilishi alohida voqelik boʻldi. Biz yaqin yillarda hamkorligimizni yana-da rivojlantirishga umid qilamiz.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi delegatsiyasining 2021-yilda Budapeshtga rasmiy tashrifi doirasida Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xoʻjayev FAO Bosh direktori oʻrinbosari Vladimir Raxmanin va FAO submintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu bilan uchrashdi. Oʻshanda tomonlar oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish va mustahkamlashga umumiy intilish mavjudligini bildirdilar va hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qilib olgandilar.
Yangi dasturning ishga tushirilishi bilan bir qatorda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi va FAO oʻrtasida yana qator yoʻnalishlarda yangi loyiha shartnomalari imzolandi.
COVID-19ga javoban Oʻzbekistonda kartoshkachilik tarmogʻini tiklash va rivojlantirish; Geografik koʻrsatkichlar orqali barqaror oziq-ovqat tizimlarini mustahkamlash; Sholi ekinlarini ishlab chiqarish va boshqarishni qoʻllab-quvvatlash; Inklyuziv qishloq xoʻjaligi siyosatini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash; Qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish shular jumlasidandir. Yangi loyihalar 2023-yilgacha amalga oshiriladi va ularning umumiy qiymati deyarli bir million dollarni tashkil etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring