Oʻzbekiston va Belarus ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlikni kuchaytiradi
Xabar berilganidek, Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Belarus Respublikasida boʻlib turibdi. Tashrif doirasida Tanzila Narbayeva Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko bilan uchrashdi.
Soʻnggi yillarda oliy darajada oʻzaro ishonchga asoslangan muloqot yoʻlga qoʻyilgani tufayli Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari yangi darajaga koʻtarilgani taʼkidlandi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanmoqda. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobar ortib, 2022-yilda 500 mln dollardan oshdi. Joriy yil boshidan beri bu koʻrsatkich yana 37 foizga (346 mln dollar) oʻsdi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish uchun qonunchilik darajasida birgalikda amalga oshiriladigan ishlarni yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi.
Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan hukumatlararo komissiyaning 10-majlisini oʻtkazishga hozirlik koʻrilmoqda. Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning huquqiy jihatlariga koʻmak berish yuzasidan fikr almashildi.
Maʼlumki, hududlar forumi tufayli mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasida hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda. Shu nuqtayi nazardan ushbu tadbirni oʻtkazish amaliyotini davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda oʻzaro hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni ilgari surishdan, shuningdek, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani alohida qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, madaniy-gumanitar aloqalar ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda, ikki mamlakat vakillari har ikki davlatda tashkil etilayotgan madaniyat kunlarida, jumladan turli festival va tanlovlar, sport tadbirlarida faol ishtirok etmoqda. Ikki davlat ilmiy tashkilotlarida yosh olimlarning qisqa muddatli amaliyotini oʻtkazishni davom ettirish lozimligi aytib oʻtildi.
Muloqot yakunida ayollarni tadbirkorlik va innovatsion faoliyatga, IT sohaga, biotexnologiyaga faol jalb etish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarning qoʻshma rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish masalasini koʻrib chiqishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring