Oʻzbekiston va AQSHning yetakchi universitetlari oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldi
Mamlakatimiz elchisi Javlon Vahobov, AQSH elchisi Daniel Rozenblyum, Oʻzbekiston oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, ikki davlat universitetlari vakillari ishtirokida onlayn “davra suhbati” oʻtkazildi.
Oʻzbekiston elchixonasidan olingan maʼlumotga koʻra, tadbirda AQSHning Viskonsin universiteti, Delaver universiteti, Missuri universiteti, Men universiteti, Stivens texnologiya instituti va boshqa yetakchi oliy taʼlim muassasalari vakillari mamlakatimizdagi sheriklari bilan istiqboldagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari boʻyicha fikr almashdi.
Amerika universitetlari oʻzlarining onlayn va oflayn shakllarda taʼlim olish imkoniyatlarini taqdim etdi, taʼlim jarayonining asosiy yoʻnalishlari bilan tanishtirdi. Shuningdek, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish mexanizmlari taklif qilindi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Yoqubjon Ergashev tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda taʼlim sohasini isloh qilish boʻyicha koʻrilayotgan tizimli chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Xususan, soʻnggi 3 yil davomida 50 ta yangi universitet tashkil etilgani, bu bilan ularning umumiy soni 132 taga yetkazilgani taʼkidlandi. Shu bilan birga, universitetlarning 29 tasi chet el taʼlim muassasalarining filiallari ekani maʼlum qilindi. Oʻzbekiston yetakchi xorijiy, jumladan, AQSH oliy oʻquv yurtlari filiallarini koʻpaytirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Tadbirda Oʻzbekistonda oʻz filiallarini ochayotgan universitetlarga hukumat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlar va qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida batafsil soʻzlab berildi. Xususan, xorijiy universitetlar soliqlardan va majburiy badallardan ozod boʻlish shaklidagi maxsus soliq imtiyozlaridan foydalanmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekiston birinchi navbatda muhandislik, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, qurilish va energetika sohalarida mutaxassislar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurtlarini qoʻllab-quvvatlamoqda.
AQSH elchisi Daniel Rozenblyum oʻzgarishlar jarayoni muvaffaqiyatini taʼkidlar ekan, “Oʻzbekiston hukumati ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatning deyarli barcha sohalarini qamrab olgan keng koʻlamli islohotlar dasturini amalga oshirmoqda”, dedi. Bundan tashqari, uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston sifatli taʼlimning muhimligini yorqin kelajakka erishishning asosiy omili sifatida tushunadi. Diplomatning taʼkidlashicha, AQSH ushbu islohotlarni hamda respublikaning turli qoʻshma dasturlar orqali ingliz tilini oʻrganish darajasini oshirish rejalarini qatʼiy qoʻllab-quvvatlaydi.
Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va AQSH universitetlari oʻrtasida yaqin hamkorlik oʻrnatish, shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlarini shakllantirish boʻyicha aniq takliflar muhokama qilindi. Tadbir tomonlarga yaqin aloqalarni oʻrnatish uchun aniq nuqtalarni aniqlashga imkon yaratdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring