Oʻzbekiston – Turkiya: Tibbiyotda yangi qoʻshma loyihalar amalga oshiriladi
Turkiya — Oʻzbekiston bilan ishonchli hamkor, strategik sherik. Ikki tomonlama aloqalar barcha yoʻnalishlar, xususan, tibbiyot sohasida ham yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida kasallikka qarshi kurashishda Turkiya bizga yaqindan amaliy koʻmak koʻrsatmoqda.
Turk mutaxassislarining yurtimizga kelib davolash va profilaktika jarayonlarida ishtirok etishi, onlayn maslahatlashuvlar orqali bilim hamda tajriba almashishi, COVID-19ga qarshi himoya vositalari, tibbiy jihozlar, dori-darmonlar hamda 200 ming doza “Sinovac” vatsinasi taqdim etilishi shular jumlasidan.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligida Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda oʻtgan davrda tibbiyot sohasidagi oʻzaro hamkorlik natijalari hamda kelgusidagi rejalar muhokama etildi.
Qayd etilganidek, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalarida Oʻzbekiston-Turkiya forumi oʻtkazilib, tibbiyot muassasalarimiz oʻrtasida hamkorlik boʻyicha 10 ta shartnoma imzolangani bugun oʻz amaliy samaralarini bermoqda.
Qolaversa, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) koʻmagida joylarda bemorlar uchun tibbiy koʻriklar tashkil etilib, ularda murakkab jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilayotgani oʻzaro munosabatlarning yana bir muhim yoʻnalishidir.
Shuningdek, tibbiy taʼlim sohasida ham aloqalarimiz kengaymoqda. Mutaxassislarimiz Turkiyaning nufuzli klinikalarida malaka oshirib qaytishmoqda. Buxoro tibbiyot instituti negizida Turkiya Tibbiyot fanlari universiteti bilan tashkil etilgan qoʻshma fakultet faoliyat koʻrsatmoqda.
Uchrashuvda elchi janoblari Turkiya tomoni Oʻzbekiston bilan sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada izchil va yuqori surʼatda davom ettirishga tayyor ekanligini qayd etib, yangi qoʻshma loyihalarni roʻyobga chiqarishga doir taklif va mulohazalarini bayon etdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring