Oʻzbekiston tumanida 20 dan ortiq mahallada elektr taʼminotini yaxshilash boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda

14:05 09 Aprel 2026 Jamiyat
217 0

Ayni kunlarda Oʻzbekiston tumanida elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 20 dan ziyod mahallada 380 donadan ortiq yangi beton tayanch ustunlar hamda 7 ta transformator oʻrnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

—Ayni jarayonda aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, mazkur yoʻnalishdagi ishlar sifatini yanada yaxshilash va tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etish borasida manzilli dastur ishlab chiqilgan,—deydi Oʻzbekiston tumani elektr taʼminoti korxonasi rahbari Shahbozbek Gʻulomov.—Buning samarasi sifatida tumanning eng olis va chekka hududlarida ham past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari bajarilyapti. Bu borada asosiy eʼtibor aholining mazkur yoʻnalishdagi murojaatlarini ijobiy hal etishga qaratilayotir.

Xususan, shu kunlarda tumandagi 15 ta mahallada beton tayanch ustunlari hamda 7 ta mahallada qoʻshimcha yangi transformatorlar oʻrnatilyapti. Manzilli dastur doirasida bu ishlar uchun “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qariyb 670 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Shu tariqa tuman energetiklari tomonidan tumandagi “Haydarobod”, “Qoʻrgʻoncha”, “Qudashobod”, “Buzuqoʻrgʻon” va “Yakkatut” mahallalarida belgilangan tartibda beton tayanch ustunlari oʻrnatilayotgan boʻlsa, “Oqtepa”, “Bunyodkor” va “Buzuqoʻrgʻon” mahallalarida yangi transformatorlar oʻrnatish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Shuningdek, yaqin kunlarda “Nurli kelajak”, “Bogʻi Eram”, “Beruniy”, “Jonobod”, “Avgʻon”, “Qulibek”, “Karimdevona”, “Kichik tagob” va “Dashthasan” kabi mahallalarda ham amaliy ishlarga kirishish rejalashtirilgan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер