Oʻzbekiston — Tojikiston: uzoq tarixga ega azaliy qardoshlik rishtalari yanada mustahkamlanadi
Bu ikki xalq goʻyo et bilan tirnoq. Azaliy doʻstlik, qardoshlik rishtalari uzoq tarixga ega. Urf-odati, dini, hayotga qarashlari bir biriga goʻyo ikki tomchi suvdek oʻxshash bu xalqlarning davlatlararo doʻstona munosabatlari bugungi kunda yangicha mazmun-mohiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon oʻrtasidagi oliy darajadagi rasmiy uchrashuv tarixiy ahamiyatga ega. Uchrashuvda abadiy doʻstlikni mustahkamlash va ittifoqchilik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning imzolanishi ikki davlat oʻrtasidagi bu oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtardi.
Eng muhimi, hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasida koʻp qirrali Oʻzbekiston — Tojikiston hamkorligini yangi pogʻonaga koʻtarishga qaratilgan 11 ta hujjatning imzolanishi turli sohalardagi aloqalar rivojiga xizmat qilishi shubhasizdir.
Bu haqda gap ketganda, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”, madaniyat vazirliklari oʻrtasida 2022-2023-yillarga moʻljallangan madaniyat va sanʼat sohalaridagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim, Oʻzbekistonning Jizzax viloyati va Tojikistonning Soʻgʻd viloyati oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”, Atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum hamda ipakchilik tarmogʻida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum kabi tarixiy ahamiyatga ega hujjatlarga imzo chekilgani ikki birodar xalqning bir-biriga boʻlgan mehr-muhabbati, sadoqatini mustahkamlashga, shu bilan birga iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy aloqalarini yangicha tartibda davom ettirishga keng yoʻl ochadi.
Ikki doʻst va birodar xalq davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi Oʻzbekiston hamda Tojikiston Respublikasi istiqboliga xizmat qiladi. Zero, uzoq tarixga ega azaliy qardoshlik rishtalarining yanada mustahkamlanishi ikki davlat manfaatlari uchun ham foydalidir.
Hazratqul Xoʻjamqulov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring