Oʻzbekiston tadbirkorlari YEOIIga tashqi siyosatning eng muhim yoʻnalishi sifatida qarashmoqda

09:21 27 May 2021 Siyosat
969 0

Oʻzbekiston ishbilarmonlari olami – tadbirkorlar va fermerlar, ishlab chiqaruvchilar va mulkdorlar – deputatlik korpusi bilan uchrashuv chogʻida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan jadal muloqot qilish va yaqin amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha vazifalarni hal qilishning muhim ahamiyatga ega ekanligini qatʼiy bildirganlar.

Aytish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida hamkorlik qilishi toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanganidan soʻng tashqi siyosiy hodisa yuz berishi amaliyotda ilk marotaba sodir boʻlmoqda. Ushbu tasdiqlash YEOII bilan kuzatuvchi davlat sifatida hamkorlik qilishni tahliliy va kompleks baholash asosida ishlab chiqilgan va Oliy Majlis palatalariga taqdim etilgan Hukumatimiz xulosalari va takliflarining tahlillari, muhokamalaridan soʻng amalga oshirildi.

Deputatlik korpusining ijobiy javobi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish xalqaro sheriklarimiz bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash jarayonlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkonini berishiga asoslanadi.

Ayni damda deputatlar Markaziy Osiyo doirasidagi amaliy hamkorlik geografiyasining kengayishi sharoitida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining xalqaro nufuzi va tarkibiy qismining oʻsishini ham qayd etishmoqda.

2020-yilning dekabr oyida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Kengashi yigʻilishida bir ovozdan Oʻzbekiston Respublikasiga kuzatuvchi maqomini berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan edi. Fikrimizcha, Oʻzbekiston Respublikasi tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlarining tub manfaatlaridan kelib chiqqan holda, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olgach, tovar aylanmasi tendensiyalarini mustahkamlagan holda, asosiy savdo sheriklari bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash imkonini kengaytirdi.

Eʼtiborga molik tomoni, oʻtgan davrda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum va uni amalga oshirish boʻyicha uch yillik Chora-tadbirlar rejasi imzolandi. Mamlakatimiz vakillari YEOIIning koʻp tomonlama tadbirlarida ishtirok etmoqda. Joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida birlashmaning Sanoat siyosati boʻyicha kengashi yigʻilishi va xalqaro «Innoprom» koʻrgazmasi oʻtkazildi.

Shu kunlarda yana bir muhim hodisa yuz berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev videoanjuman shaklida oʻtgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kengashining navbatdagi yigʻilishida yangicha tarkibda ishtirok etdi. Ushbu tadbir doirasida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy hamkorlik qilish, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Yigʻilish tahlillari shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan ham aniq natijalarga erishishga qaratilgan faol va tashabbuskor tashqi siyosat yuritmoqda. Masalan, davlatimiz rahbari oʻz nutqida savdo munosabatlarini, shu jumladan, toʻsiqlarni bartaraf etish va savdoni notarif tartibga solish choralarini yaqinlashtirish orqali yana-da kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligiga, mamlakatlarimizning yetakchi korxonalari va hududlarning sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, Yevroosiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha loyihalarni ilgari surish muhim ahamiyatga egaligiga alohida toʻxtaldi. Bu borada transport-tranzit sohasidagi dolzarb masalalarni hal qilish va yuk tashish hajmini oshirish maqsadida oʻzaro imtiyozlarni kengaytirish maqsadga muvofiq.

Fraksiyamiz aʼzolari davlatimiz rahbarining transport-tranzit sohasi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish uchun katalizator hisoblanadi, degan soʻzlarini alohida tasdiqlashdi. Oʻz navbatida, yuklarning chegaralardan oʻtishini tezlashtirish, standartlarni uygʻunlashtirish, nazorat oʻtkazish punktlarining ish vaqtini optimallashtirish, chegaralardan oʻtish tartib-taomillarini takomillashtirish kabi masalalarni hal qilish kerak.

Savdo munosabatlarini liberallashtirish Oʻzbekistonning YEOII soliq va bojxona maʼmuriyatchiligi, sanoat, mehnat migratsiyasi va turizm boʻyicha raqamli platformalariga ulanishiga yordam beradi. Ayni damda mehnat migratsiyasi sohasidagi yaqin hamkorlik aholi bandligi boʻyicha koʻplab dolzarb masalalarni hal qilish va ittifoqdagi mamlakatlar iqtisodiyotining mutaxassislarga boʻlgan oʻsib borayotgan ehtiyojini qondirish imkonini beradi.

Tadbirkorlar va fermerlar YEOII doirasida yuqorida koʻrsatilgan va boshqa chora-tadbirlar Oʻzbekiston uchun eksport mahsulotlari bozorini kengaytirish, investitsiyalarni oshirish, ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi kooperatsiyani rivojlantirishga hissa qoʻshadi, degan fikrdalar. Qishloq xoʻjaligi uchun afzalliklar import qilinadigan qishloq xoʻjaligi texnikasi, texnologiyalar, chorvachilik uchun dori vositalari va boshqa vositalar uchun Oʻzbekiston fermerlari yetishtirgan mahsulotlar tannarxini pasaytirishdan iborat.

Mahsulot ishlab chiqaruvchilar Oʻzbekiston va YEOII mamlakatlari oʻrtasidagi transport kommunikatsiyalari va infratuzilmasining yaqin integratsiyasi tufayli transport xarajatlarining pasayishi va tez buziladigan tovarlar tranzitining soddalashtirilishiga erishadilar.

Fermerlar va dehqonlar harakati vakillarining fikricha, navlarni sinovdan oʻtkazish va qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari urugʻchiligi sohalarida davlatlar qonuniligini birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar roʻyxatini tasdiqlovchi Oliy YEOII kengashining qarorlari ham Oʻzbekiston uchun shubhasiz, qiziqish uygʻotadi. Bu shuningdek, YEOII mamlakatlarini strategik muhim dori vositalari va tibbiyotda qoʻllaniladigan farmatsevtika substansiyalari bilan taʼminlanish darajasini oshirish hamda Yevroosiyo rivojlanish institutlarini jalb qilgan holda, Ittifoqda ularni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha 2024-yilgacha boʻlgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish toʻgʻrisidagi qarorga ham taalluqlidir.

Umuman olganda, Oʻzbekiston Respublikasining YEOIIda kuzatuvchi sifatidagi qisqa muddatlik ishtiroki davrida ushbu tuzilma bilan samarali aloqalarni oʻrnatishga erishildi, degan mantiqiy xulosa qilish mumkin. Mamlakatimiz ishbilarmonlari YEOII bilan hamkorlikni izchil rivojlantirish zarur deb hisoblashadi va Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz bundan keyin ham parlamentda ushbu nuqtayi nazarni ifoda etish ishini davom ettiradilar. Zotan, YEOIIda Oʻzbekistonning sherikchilik munosabatlarini rivojlantirish teng huquqlilik, oʻzaro manfaatdorlik va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan mamlakatlarning milliy manfaatlarini qondirish uchun ishlab chiqilgan.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер