Oʻzbekiston — Rossiya: hamkorlik muloqoti
Ekslyuziv intervyu
Shu yilning 1-oktyabridan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoning Oʻzbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi boshlanadi.
Xoʻsh, bugungi kunda Oʻzbekiston — Rossiya oʻrtasidagi parlamentlararo muloqotlarni rivojlantirish borasida qanday amaliy ishlar olib borilyapti? Ushbu tashrif doirasida qanday uchrashuvlar va tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan? Umuman, tashrifdan koʻzlangan maqsad nima?
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Kurmanov muxbirimizga ana shular xususida quyidagilarni soʻzlab berdi.
— Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisining tashrifi Oʻzbekiston hamda Rossiya oʻrtasidagi davlatlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash yoʻlidagi muhim voqeadir. Bu ikki mamlakat oʻrtasidagi faol parlamentlararo muloqotning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Aytish joizki, Oʻzbekiston — Rossiya oʻrtasidagi aloqalar jadal rivojlanyapti. Yuksak darajadagi muntazam uchrashuvlar, konstruktiv muloqot, ikki davlat rahbarlari oʻrtasida imzolangan shartnomalar hamda bitimlar ijrosi siyosiy, savdo-iqtisodiy madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni ravnaq toptirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu jarayonda hokimiyatning barcha tarmogʻi jalb etilgan. Binobarin, ikki mamlakat parlamentlari oldida oʻzaro muloqotni faollashtirishdek muhim vazifa turibdi. Zero, bu munosabatlar rivojiga salmoqli hissa qoʻshadi. Shu nuqtayi nazardan hamkorlikni huquqiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash sohasidagi saʼy-harakatlarni mustahkamlash muhimdir.
Tashrif kun tartibidan qonunchilikni oʻzaro moslashtirish, shartnomalar ijrosi ustidan hamkorlikda parlament nazoratini amalga oshirish masalalari joy olgan. Shuningdek, oʻzbek mahsulotlari va xizmatlarini Rossiya bozoriga kirishini soddalashtirish, hududlararo oʻzaro aloqalarni yanada kuchaytirish bilan bogʻliq dolzarb vazifalar muhokama qilinadi. Bu borada hududlar manfaatlarini ilgari suruvchi parlament yuqori palatalari alohida rol oʻynaydi. Shu bois oʻzaro aloqalarda iqtisodiy yoʻnalishlarga asosiy eʼtibor qaratiladi.
Boʻlajak tashrifning yana bir muhim jihati shuki, munosabatlarning ikki tomonlama jiddiy institutsionallashayotganidir. Bunga oʻtgan yil Oliy Majlis Senati vakillarining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi katta yoʻl ochgan edi. Oʻshanda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oʻrtasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi yangilangan bitim imzolangandi.
Parlamentlararo komissiya ham faoliyat yurityapti. U tomonidan muhokama qilinayotgan shartnomalar va masalalar tobora aniq xususiyat kasb etayotir. Shartnomalar ijrosini taʼminlash usullari va oʻzaro aloqalarni mustahkamlashning yangi yoʻllari sinchiklab koʻrib chiqilmoqda. Oʻzaro qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish, sayyohlik, jumladan, kengayish istiqbollariga ega boʻlgan ziyorat turizmini faollashtirish boʻyicha muloqot olib borilyapti.
Rasmiy tashrif davomida oʻtkaziladigan komissiyaning boʻlajak toʻrtinchi yigʻilishida yuqorida aytib oʻtilgan barcha masala koʻrib chiqiladi. Ayni chogʻda hududlararo hamkorlikka ham urgʻu berilyapti. Biz uchun Rossiyaning qonunchilik sohasidagi tajribasini oʻrganish ham muhimdir. Hujjatlar, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Devoni Tahliliy huquqiy boshqarmasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolanishi kutilyapti.
Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar xalqaro tajriba va amaliyotni chuqur oʻrganishni taqozo etmoqda. Shu maʼnoda, Rossiyaning oʻziga xos oʻzgarishlardan tajribasi oʻzbek parlamenti aʼzolari uchun ham muhimdir.
Shuningdek, Oliy Majlis va Qonunchilik palatasida muloqotlar va muzokaralar boʻlib oʻtadi. Qolaversa, tashrif davomida qator ijtimoiy obyektlarga borish, Buxoroga tashrif buyurish ham rejalashtirilgan.
Qisqasi, kutilayotgan tashrif ikki mamlakat oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash hamda muloqotning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olish yoʻlidagi navbatdagi muhim qadamga aylanishiga ishonchim komil.
Saidjon MAXSUMOV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring