Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimidagi nutqi
Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Avvalo, sizlarni, joylardagi studiyalar orqali bugungi iftorlik marosimida ishtirok etayotgan hurmatli nuroniylar, olimu ulamolar, keng jamoatchilik vakillarini, butun xalqimizni muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Shu ulugʻ ayyom kunlariga barchamizni tinch-omon, sogʻ-salomat yetkazgani uchun Alloh taologa behad shukurlar boʻlsin!
Mehr-oqibat va ezgulik ramzi boʻlmish Ramazon oyida hammamiz birgalikda koʻplab savobli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Davlat va nodavlat tashkilotlar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mahallalar uyushmasi, Musulmonlar idorasining “Vaqf” jamgʻarmasi, hududlardagi “Inson” markazlari, saxovatli tadbirkorlarimiz tomonidan keksa va nogironlar, kam taʼminlangan oilalarga, koʻmakka muhtoj insonlarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilmoqda.
Tibbiyot boʻlinmalari olis va chekka hududlarimizga borib, ayollar, bolalar va nuroniylarimizni koʻrikdan oʻtkazmoqda, ogʻir bemorlar operatsiya yoʻli bilan davolanmoqda.
Mana shunday fayzu barakali kunlarda mamlakatimiz miqyosida iftorlik tadbirlarini oʻtkazish ham yaxshi anʼanamizga aylandi.
Albatta, bularning barchasi jamiyatimizda inson qadrini ulugʻlash, tinchlik va umummilliy birlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bugungi iftorlik marosimida yurtimizdagi turli millat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etayotgani ham shundan dalolat beradi.
Hozirgi gʻoyat tahlikali zamonda tinchlik naqadar ulugʻ va bebaho neʼmat ekanini, 38 milliondan ziyod aholimizning yagona xalq, ahil bir oila boʻlib yashayotgani eng katta boyligimiz ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Davramizda Oʻzbekistondagi diplomatik korpus vakillari ham qatnashayotganini biz dinimizning gumanistik va bagʻrikenglik qadriyatlariga, davlatimizning ochiqlik siyosatiga hurmat-eʼtibor ifodasi sifatida qabul qilamiz va ularga samimiy tilaklarimizni bildiramiz.
Qadrli vatandoshlar!
Bugungi Roʻzai Ramazon kunida barchamiz yana bir tom maʼnoda tarixiy voqeada ishtirok etmoqdamiz. Xalqimizning aql-zakovati, fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ulugʻvor va noyob majmua – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimini oʻtkazmoqdamiz.
Ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari roʻyobga chiqqan mana shunday unutilmas kun bilan, chinakam ilm-maʼrifat bayrami bilan hammangizni chin qalbimdan tabriklayman.
Mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madaniyatining, Yangi Oʻzbekiston imkoniyatlarining yorqin koʻzgusi boʻlgan ushbu betakror va buyuk majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak boʻlsin!
Muhtaram doʻstlar!
Biz yurtimizda rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ilm, taʼlim va yana bir bor taʼlim, degan oliy maqsadni hayotimizga joriy etmoqdamiz. Zero, muqaddas dinimiz ham bizni doimo ilmu maʼrifatga daʼvat etadi. Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazining Ulugʻbek darvozasi peshtoqiga Qurʼoni karimning “Iqra!” – yaʼni, “Oʻqi!” degan muborak oyatini muhrlab qoʻydik. Bu ilohiy soʻzlar zamirida islom dinining asl maʼno-mazmuni mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Xabaringiz bor, bundan toʻqqiz yil oldin mazkur majmuani barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilib, amaliy ishlarni boshladik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida eʼlon qilingan bu ezgu tashabbusimiz jahon jamoatchiligi, ayniqsa, islom hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Biz bu har jihatdan ulkan loyihani amalga oshirish uchun shoshilmadik, yetti emas, yetmish marta oʻylab, uzoqni koʻzlab, tinimsiz izlandik. Nihoyat, qadimdan Toshkenti azimning maʼnaviy markazi boʻlib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida, koʻrib turganingizdek, betakror arxitekturaga, chinakam milliy ruh va milliy qiyofaga ega boʻlgan sharqona shaharcha barpo etildi.
Ushbu Markazda Oʻzbekistonning qadimiy tarixi va sivilizatsiyasi durdonalarini bir paytning oʻzida yagona maʼrifiy makonda koʻrish, shu asosda oʻzbek xalqining intellektual va madaniy salohiyatini yaqqol anglash mumkin.
Bu maskan bilan tanishgan har bir odam, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz islom dinining gumanistik mohiyatini anglab yetadi, oʻzining qanday ulugʻ meros egasi ekanini his etib, qalbi gʻurur va iftixorga toʻladi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Azaldan turli sivilizatsiya va madaniyatlar tutashgan mintaqada joylashgan yurtimiz zamini Buyuk ipak yoʻli rivojida muhim oʻrin egallagan. Koʻhna diyorimiz islomgacha boʻlgan davrda ham ilm-fan, maʼrifat markazi sifatida shuhrat qozongan. Qadimiy Turkiston oʻlkasiga islom dini kirib kelgach, bu yerda hadis va kalom ilmi, musulmon huquqi, tasavvuf boʻyicha yirik maktablar shakllandi, oʻnlab buyuk allomalar yetishib chiqdi.
Aniq va tabiiy fanlar sohasida oʻz kashfiyotlari bilan jahonni hayratga solgan ulugʻ olimlarimiz asarlari ham islomiy muhit bagʻrida vujudga kelgan. Dunyoga mashhur bu kitoblar “Bismillohir rahmonir rahim”, degan ilohiy soʻzlar bilan boshlangani ularning muqaddas dinimizdan ilhom va kuch olib yaratilganini bildiradi. Nafaqat bizning yurtimiz, balki bepoyon mintaqamizning maʼnaviy mulki boʻlgan ana shunday bebaho boylikni chuqur oʻrganish va jahon miqyosida targʻib etish maqsadida uni Islom sivilizatsiyasi, degan nom ostida birlashtirishga qaror qildik.
Albatta, hozirgi murakkab va ogʻir sharoitda bunday yirik majmuani eng yuksak zamonaviy talablar darajasida yaratish oson boʻlmadi.
Biz Markaz qurilishini ilmiy tadqiqot va izlanish ishlari bilan barobar ravishda olib bordik. Oʻtgan davrda koʻhna merosimizga oid, bizga umuman nomaʼlum boʻlgan qancha-qancha noyob maʼlumotlarni kashf etdik.
Xalqaro ekspertlar eʼtirof etganidek, bugun Oʻzbekistonda islom sivilizatsiyasi merosini oʻrganish va targʻib etish boʻyicha oʻziga xos katta ilmiy maktab yaratishga erishdik. Naqadar katta imkoniyatlarimiz, intellektual salohiyatimiz borligini dunyoga namoyon eta oldik.
Bu bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak, arziydi.
Ushbu noyob majmua salkam 10 gektar hududda joylashgan boʻlib, binoning umumiy foydalanish maydoni 50 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda “Oʻzbekiston zaminida islomgacha boʻlgan davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” kabi ekspozitsiya zallari mavjud.
Albatta, ularning har biri haqida uzoq gapirish mumkin.
Muzey ekspozitsiyasini shakllantirish va boyitish boʻyicha ham katta ishlar qilindi. Oʻtgan yilning oʻzida 1,5 mingdan ortiq eksponat, jumladan, 800 ga yaqin qadimiy qoʻlyozma, arxeologik topilma va tarixiy xaritalar ekspozitsiyaga joylashtirilgani ham shundan dalolat beradi.
Ayni vaqtda xorijiy auksion uylari, yirik kolleksioner va art dilerlar bilan hamkorlik oʻrnatilib, 743 ta eksponatning original, yaʼni, asl nusxalari yurtimizga keltirildi.
Bunday ishlar ilgari tariximizda boʻlmagan edi.
Bu eksponatlarning har biri – buyuk oʻtmish va madaniyatimiz, milliy oʻzligimiz timsoli ekanini taʼkidlash lozim. Ularning barchasi zamonlar sinovidan mardona oʻtib kelayotgan xalqimiz, millatimizning ongu tafakkuri, bunyodkorona mehnati, noyob mahorati haqida soʻzlaydi.
Tarix tilga kirgan, tarixdan saboq olingan joyda, albatta, bilim va maʼrifat, taraqqiyot va adolat boʻladi. Hech qachon toʻgʻri yoʻldan adashilmaydi!
Markazning asosiy zali, taʼbir joiz boʻlsa, qalbi – bu, hech shubhasiz, muqaddas Qurʼon zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy 6 ta Qurʼoni karimning biri boʻlgan moʻtabar Usmon musʼhafi bugun oʻzining yuksak maqomiga munosib sharafli oʻrin topdi.
Shuningdek, ushbu zalda turli davrlarga oid nodir Qurʼon qoʻlyozmalari ham jamlangan. Shu muborak kunda barchamiz, Xudoning inoyati bilan, mana shunday noyob va muqaddas Usmon Qurʼonining ilohiy sharofati bilan yurtimiz doimo tinch-osoyishta boʻlsin, hayotimiz qut-barakaga toʻlsin, deb duo qilamiz.
Qadrli doʻstlar!
Islom sivilizatsiyasi markaziga 2025-yilning oʻzida minglab xorijiy mehmonlar tashrif buyurgani uning hozirdanoq jahon miqyosida katta qiziqish va eʼtibor uygʻotayotganini tasdiqlaydi. Mehmonlar orasida bir qator davlatlar prezidentlari, parlament va hukumat rahbarlari, deputatlar, senator va lordlar, vazirlar va elchilar, ilm-fan va jamoat arboblari, diniy tashkilotlar rahnamolari borligini taʼkidlash lozim.
Markazni loyihalash, qurish va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashda Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa qator mamlakatlardan yuksak malakali mutaxassislar ham faol ishtirok etishdi.
Ushbu majmuani bunyod etishga munosib hissa qoʻshgan loyihachi va quruvchilarga, mohir muhandislar, olimu ulamolarga, xorijiy hamkor va ekspertlarga, jumladan, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati aʼzolariga, barcha fidoyi insonlarga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Bunday yirik va murakkab madaniy inshootni qurishda homiylik yordamini koʻrsatgan mahalliy va chet ellik tadbirkorlar, madaniyat va sport namoyandalariga alohida rahmat aytaman. Xususan, birinchilar qatorida tashabbus koʻrsatib, zarur mablagʻ, gʻoya va noyob tarixiy eksponatlar taqdim etgani uchun hurmatli vatandoshimiz, mashhur metsenat va biznesmen Alisher Burhonovich Usmonovga samimiy tashakkur izhor etaman.
Xalqimiz bunday olijanoblik, saxovat va eʼtiborni yuksak qadrlaydi.
Bu ulugʻ ishga qoʻshgan hissangizni hech qachon unutmaymiz.
Katta rahmat Sizga!
Aziz yurtdoshlar!
Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishga kirishar ekanmiz, men, dunyoning qayerida boʻlmasin, tariximizga tegishli bir varaq qoʻlyozma boʻlsa ham, bitta eksponat boʻlsa ham topib, yurtimizga olib kelishni orzu qilgan va shu vazifani oʻrtaga qoʻygan edim. Ming shukurki, bugun ana shu maqsadimizga asta-sekin erishyapmiz. Bu ishlarni, albatta, davom ettiramiz.
Jahonning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalarni aniqlash va oʻrganish uchun yana xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etamiz. Buning uchun zarur mablagʻ va imkoniyatlarni topamiz. Bu ishlarga mahalliy va xorijiy olimlar, yetakchi xalqaro ilmiy markazlarni jalb etamiz.
Markaz faoliyatini keng miqyosda yoʻlga qoʻyish maqsadida bu yerda AYSESKO, IRSIKA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ular uchun ofis xonalari tashkil etdik. Endi ular bilan hamkorlikni kuchaytirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib beramiz.
Markazda muqaddas dinimizning ezgu qadriyatlarini asrab, diniy-maʼrifiy soha rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ham oʻzining yangi qarorgohiga ega boʻldi.
Bu dargohda islom merosini chuqur oʻrganish, diniy xodimlar, imom-xatiblarning malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ishlarini tashkil etish, oʻylaymanki, maqsadga muvofiqdir.
Biz yaqin kelgusida BMT qarorgohida Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlarining taqdimotlarini ham oʻtkazamiz.
Muxtasar aytganda, ushbu Markaz maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi faoliyatimiz uchun fundamental baza boʻladi. Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarni shu yerda oʻqiydi, oʻqituvchi-domlalar esa oʻz bilim va malakasini oshiradi.
Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulugʻbeklar, fargʻoniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam maʼnaviy maydon boʻlishi kerak.
Bu – barchamizning ezgu niyatimizdir.
Markaz oʻzining mana shunday tarixiy missiyasini yuksak saviyada ado etishi uchun men ilm-fan va maʼnaviyat fidoyilariga – hurmatli olim va tadqiqotchilarga, shoir va adiblar, diniy ulamolar, rejissyor va rassomlar, jurnalistlarga, ijodkor yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:
Islom sivilizatsiyasi markazida toʻplangan har bir eksponat qanday bebaho boylik ekanini sizlar hammadan koʻra yaxshi tushunasiz. Ularni targʻib etish, xalqimizga, dunyoga tanitishda ham, avvalo, sizlarga tayanamiz.
Bu tengsiz boylikdan ilhomlanib, sizlar yaratadigan ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitob, kino va teatr asarlari, kartina va koʻrsatuvlar: uch ming yillik tarix va madaniyatning soʻnmas ovozi boʻlib dunyoga taralsin!
Yangi Oʻzbekistonni tinchlik, ezgulik, bilim va maʼrifat diyori sifatida olamga tarannum etsin!
Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun tarbiya va milliy gʻurur maktabiga aylansin!
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Oʻz davrida Mir Alisher Navoiy bobomiz Mirzo Ulugʻbekning oʻlmas merosi dunyo turguncha tursin, deb tilak bildirgan edi. Bizning ham orzu-maqsadimiz shunday: Islom sivilizatsiyasi markazi el-yurtimizga, jahon ahliga hamisha beminnat xizmat qilsin!
Mana shunday ulugʻ ishlarning bunyodkori boʻlgan mard va olijanob xalqimiz doimo omon boʻlsin!
Muqaddas Ramazon oyida tutayotgan roʻzalarimiz, qilayotgan ibodatlarimiz dargohida qabul boʻlsin!
Yaratgan Parvardigor xalqimizni, Vatanimizni oʻz panohida asrasin!
Barchangizga katta rahmat, doimo sogʻ-omon boʻlinglar!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida
- Zakirov Farrux Karimovichni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida
- Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi
- Eronda internet uzilishi 47 kundan beri davom etmoqda
- Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi
- WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring