Oʻzbekiston — Qirgʻiziston: yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlik
Joriy yilning 11-12-mart kunlari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatimizga davlat tashrifini amalga oshirdi. Eʼtiborli jihati shundaki, pandemiya sababli uzoq tanaffusdan keyin Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan ilk davlat rahbari bu qardosh Qirgʻiziston Respublikasi prezidenti S.Japarov boʻldi. Ushbu voqea Oʻzbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyoning tutgan muhim oʻrni va ustuvor yoʻnalish ekanligini yana bir bor yorqin misoli desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Tashrif ruhi – koʻp qirrali oʻzbek-qirgʻiz munosabatlari misli koʻrilmagan darajaga koʻtarilganini yaqqol namoyon qildi. Qardosh mamlakatlar oʻzaro manfaatlarni, yaxshi qoʻshnichilik va doʻstona munosabatlarni inobatga olgan holda, va eng muhimi, davlat rahbarlarning qatʼiy siyosiy irodasi tufayli barcha mavjud muammoli va qiyin masalalarni ochiq va konstruktiv muhokama qilib, aniq yechimlarga kelishishdi. Yaʼni, bugungi kunga kelib Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida yechimi yoʻq masalalar qolmaganligi amalda oʻz isbotini topmoqda.
Prezidentlar uchrashuv davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik asosida mustahkamlab borish, avval qabul qilingan hujjatlarni amalga oshirish yoʻlida qatʼiy ekanliklarini yana bir bor tasdiqlashdi.
Barcha sohalardagi hamkorlikni izchil kengaytirish uchun oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni muntazam davom ettirishga kelishib olindi.
Ushbu oʻrinda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyeyov, gap-soʻzlardan aniq amaliy ishlarga oʻtilganligini ikki mamlakat xalqlari shaxsan sezishlari va koʻrishlari lozimligini taʼkidlab oʻtdi. Xususan, davlat rahbarining qayd etishicha, Oʻzbekiston tomoni qardosh xalqlarni farovonligini oshirishga qaratilgan hamkorlikni jadallashtirishga qatʼiy jazm etgan. Oʻz navbatida Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti S.Japarov soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston bilan yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan har tomonlama munosabatlarni rivojlantirish Qirgʻiziston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi.
Oliy darajadagi muzokaralarda tomonlar Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi oʻzaro manfaatlarga asoslangan munosabatlarni yana-da rivojlantirish va mustahkamlash masalalarining barcha yoʻnalishlarini koʻrib chiqishdi.
Uchrashuvlar yakunlari boʻyicha davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonoti qabul qilindi, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarning turli yoʻnalishlariga aloqador bir qator (22 ta) hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi va 100 nafardan ortiq tadbirkorlar va ishbilarmonlar doirasi vakillari ishtirokida biznes-forum oʻtkazildi. Umuman olganda, tashrif doirasida umumiy qiymati 900 mln. dollar boʻlgan shartnoma va kelishuvlar imzolandi.
Ushbu hujjatlarda qoʻshnichilik va doʻstona ruhdagi siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo, sanoat, transport, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni faollashtirish, madaniyat, sogʻliqni saqlash, taʼlim va turizm borasidagi qoʻshma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb jihatlari oʻrin olgan.
Eʼtiborli jihati, ushbu tashrif doirasida koʻrilgan va kelishuvga erishilgan masalalarning aksariyati ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Jumladan, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida ilk bora ustav fondi 200 mln. dollar boʻlgan Oʻzbekiston — Qirgʻiziston investitsiya jamgʻarmasi tashkil qilish belgilandi. Ushbu Fondni tuzilishidan asosiy maqsad — ikki mamlakat hududida ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirib, yangi yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdir.
Shu oʻrinda, oxirgi yillarda ikki mamlakatning chegaradosh hududlari oʻrtasida aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilayotganligini eʼtirof etish lozim. 2018-yilda tuzilgan Hokimlar va chegaraoldi viloyatlar maʼmuriyatlari rahbarlari kengashi faoliyati muhim oʻrin tutmoqda. Qayd etib oʻtish lozimki, ushbu format doirasida hududlar rahbarlari 3 marotaba (2018-y., 2019-y. va 2020-y.) uchrashuvlar oʻtkazishgan boʻlib, ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda alohida hissa qoʻshishmoqda.
Xususan, S.Japarov tashrifi davomida ushbu yoʻnalish kun tartibining eng dolzarb masalasi sifatida koʻrilib, bir qator kelishuvlar amalga oshirildi. Jumladan, Andijon va Oʻsh, Namangan va Jalolobod, Fargʻona va Botken, Norin viloyatlari oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish boʻyicha “Yoʻl xaritalari” imzolandi.
Hududlararo munosabatlarni rivojlantirishning dolzarb va afzalligini Andijon viloyati misolida koʻrish mumkin. Jumladan, 2020-y. birgina Andijon viloyatining Qirgʻiziston bilan tashqi savdosi hajmi 270 mln. dollar yetdi (2019-yilga nisbatan 1,2 barobar koʻp).
Bundan tashqari, sanoat kooperatsiyasi sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolandi. Qayd etilishicha, ushbu Reja 50 ta loyihani oʻz ichiga olgan boʻlib unda Oʻzbekistonda ishlab chiqiladigan yengil avtomobillarni, qishloq xoʻjaligi texnikalarni, tirkamalarni, shuningdek, maishiy texnikalarni Qirgʻiziston hududida yigʻish hamda chegaraoldi hududlarda toʻqimachilik sohasida va qurilish materiallari ishlab chiqish boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etish koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga chegaraoldi tumanlarda meva va sabzavotlarni qayta ishlash zavodi, issiqxonalar, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash uchun qoʻshma savdo-logistika markazlari qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirishdan maqsad – qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni Yevroosiyo ittifoqiga aʼzo davlatlarga eksport qilishdir.
Mamnuniyat bilan aytish mumkinki, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik oxirgi yillarda misli koʻrilmagan darajaga chiqdi. Xususan, 2020-yilda tovar aylanma hajmi 903 million dollardan oshdi (eksport – 756,6 million dollar, import 146,5 million dollar).
Bu 2016-yilga nisbatan 5,4 barobar ortiq.
Shu bilan birga ushbu koʻrsatkich bilan cheklanib qolmaslik, va savdo-sotiq yoʻnalishida yangi marralarni zabt etish uchun salohiyat yetarli ekanligini inobatga olgan holda, davlat rahbarlari tomonidan yaqin kelajakda savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha aniq vazifalar qoʻyildi.
Oʻz navbatida, savdo aylanmasining oshishi multiplikativ effektga ega boʻlib, yangi ish oʻrinlari, infratuzilmalar tashkil qilinishini taʼminlaydi hamda aholi turmush tarzining oʻsishiga sezilarli darajada taʼsir oʻtkazadi.
Albatta, hududlararo, ayniqsa chegaradosh tuman-shaharlar oʻrtasida savdo-sotiq va ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishda, shuningdek, mahalliy aholining dehqonchilik, bogʻdorchilik va chorvachilik bilan shugʻullanishida toʻsqinlik qiluvchi baʼzi bir noxush holatlarni yuzaga kelmasligi uchun ikki davlat oʻrtasida chegaralarning delimitatsiya va demarkatsiya jarayonini toʻliq yakunlanishi muhim rol oʻynaydi.
Qayd etib oʻtish lozimki, 2017-yilda imzolangan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlat chegaralari toʻgʻrisidagi tarixiy shartnoma doirasida chegaralarini huquqiy tomondan belgilanishida, avvalambor, oʻzaro manfaatlarni inobatga olgan holda keng koʻlamli ish olib borilmoqda. S.Japarovni tashrifi doirasida ham ushbu dolzarb ahamiyatga ega mavzu kun tartibining asosiy mavzulardan biri boʻldi va quvonarli jihati tomonlar oʻzaro manfaatlarni hamda ikki mamlakat xalqlarini xohish-istagini inobatga olgan holda chegaralar boʻyicha mavjud muammolarni qisqa vaqt ichida hal qilib olishga kelishib olishdi.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston rahbariyati mintaqada samarali transport yoʻllarini rivojlantirish, xususan, «Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston» temir yoʻlini qurish jarayonini boshlashni jadallashtirish boʻyicha kelishib olindi.
Ushbu muhim loyihani amalga oshishi, nafaqat ikki davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy va transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishi, balki butun Markaziy Osiyoning transport-logistika salohiyatini yana-da oshirishiga xizmat qilishi alohida qayd etib oʻtildi.
Tan olish kerak, Oʻzbekiston ham Qirgʻiziston ham hozirgi kunda oʻz transport-logistika salohiyatidan toʻlaqonli foydalanmayapti. Ikki davlat hududi tarixan Sharq va Gʻarbni bogʻlaydigan oʻziga xos nuqta boʻlib, barcha savdo yoʻllari mamlakatlar hududi orqali oʻtgan. «Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston» kabi yirik loyihalarni amalga oshirilishi savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirib, ularni Yaqin Sharq, Yevropa va Osiyo davlatlari bilan bogʻlaydi. Shu bilan birga, «Toshkent — Andijon —Oʻsh — Irkishtom — Qashgʻar» xalqaro multimodal yoʻnalishi ham savdo hajmi ortishiga xizmat qiladi.
Ikkitomonlama munosabatlardagi yana bir dolzarb va muhim sohalardan biri boʻlgan suv va energetika yoʻnalishida ham tarixiy kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, tomonlar Markaziy Osiyodagi suv-energetika resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlab, bu yoʻnalishdagi hamkorlikning uzoq muddatli barqaror mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishildi. Xususan, elektr energiyasini oʻzaro yetkazib berish hamda Oʻzbekiston Qirgʻizistonda gidroenergetika loyihalarini amalga oshirishda qatnashishga tayyorligini bildirdi.
Tashrif davomida mamlakat liderlari nafaqat ikki tomonlama munosabatlar boʻyicha, shu bilan birga mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashishdi. Koʻplab masalalar boʻyicha tomonlarning pozitsiyasi bir xil ekani namoyon boʻldi.
Xususan, S.Japarov Oʻzbekistonning mintaqada hamkorlik va integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarini, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Tomonlar ushbu formatdagi uchinchi uchrashuvni 2021-yilda oʻtkazish muhimligini qayd etdilar.
Yana bir eʼtiborga muhim jihati, davlat rahbarlari Markaziy Osiyoga tegishli barcha masalalar mintaqa davlatlarining oʻzi tomonidan, oʻzaro foyda va manfaatlarni hurmat qilish tamoyili asosida hal etilishi muhimligi taʼkidlab oʻtishdi.
Muxtasar qilib aytganda, Qirgʻiziston prezidenti S.Japarovning ushbu tashrifi mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochish bilan birga, istiqbol uchun yangi ufqlarni belgilab berib, ikki qardosh xalqni benihoya xursand qildi. Tashrif davomida qator strategik sohalar boʻyicha muhim kelishuvlarning imzolanganligi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi hamkorlik rivojida tarixiy ahamiyat kasb etish bilan birga, qardosh oʻzbek va qirgʻiz xalqlari manfaatlariga xizmat qiladi.
Amir Salomov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridgai
Srtategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
boʻlim boshligʻi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring