Oʻzbekiston — Qirgʻiziston: parlamentlararo aloqalar yanada mustahkamlanadi
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati
2022-yil 27-oktyabr kuni Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasining (MDH PA) kuzgi sessiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshi (Raisi) Toragasi Nurlanbek Shakiyev bilan uchrashdi.
Taʼkidlanganidek, davlatlarimiz rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va ular oʻrtasida oʻrnatilgan ochiq, ishonchga tayangan muloqot tufayli Oʻzbekiston-Qirgʻiziston munosabatlari bugungi kunda yuksak darajaga koʻtarildi.
— Qirgʻiziston biz uchun yaqin qoʻshni, bizni koʻp asrlik doʻstlik rishtalari, umumiy tarix, til, madaniyat, anʼana va urf-odatlarimiz yaqinligi bogʻlab turgan qardosh davlatdir. Biz strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini har tomonlama chuqurlashtirish tarafdorimiz, — dedi N.Ismoilov oʻz nutqida.
Uchrashuvda keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz oʻrtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani ijobiy baholandi.
Oʻz navbatida, N.Shakiyev Oʻzbekiston iqtisodiy-siyosiy jihatdan jadal rivojlanayotgan davlat sifatida dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin egallayotganini eʼtirof etib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda olib borilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar eʼtirof etildi.
Muloqotda tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada taraqqiy ettirishdan manfaatdor ekanliklari qayd etildi. Xususan, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi parlament muloqotini faollashtirish, qonun ijodkorligi faoliyatining barcha yoʻnalishlarida oʻzaro tajriba almashish yuzasidan fikrlar almashildi.
Shuningdek, hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirishda parlamentlar rolini oshirish, chegaradosh viloyatlar deputatlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni faollashtirish va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma ish rejasini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.
Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlar hamkorlik rishtalarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring