Oʻzbekiston, Qirgʻiziston hamda Tojikiston Navroʻz bayramini birgalikda nishonlaydi
Bishkekda boʻlib oʻtgan Qirgʻiziston va Tojikiston rahbarlari oʻrtasidagi muzokaralar chogʻida Sadir Japarov Oʻzbekiston, Qirgʻiziston hamda Tojikiston Navroʻz bayramini birgalikda nishonlashini maʼlum qildi.
Mazkur tadbirda Qirgʻiziston prezidenti xalqlar oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash muhimligini, bunda esa qoʻshma madaniy tadbirlar alohida oʻrin tutishini taʼkidladi.
“Shu oʻrinda 31-mart kuni Xoʻjand shahrida nishonlanadigan Navroʻz bayramining ahamiyatini alohida taʼkidlamoqchiman. Men taklif uchun minnatdorchilik bildiraman va ishtirokimni tasdiqlayman. Ishonamanki, Navroʻz bayramini birgalikda nishonlash Markaziy Osiyo xalqlarining tinchligi va birligi ramzi boʻlgan yaxshi anʼanaga aylanadi”, – deydi Sadir Japarov.
Shuningdek, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, oʻz navbatida, Sadir Japarovga Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston prezidentlarining Xoʻjandda boʻlib oʻtgan uch tomonlama uchrashuvida ishtirok etishini tasdiqlagani uchun minnatdorchilik bildirgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring