Oʻzbekiston Qahramoni Munojat Yoʻlchiyeva nomidagi stipendiya taʼsis etildi
Foto: Arxiv surat
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining “2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi va uni 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi toʻgʻrisida” 2022-yil 8-noyabrdagi 128-sonli qarorining 5-bandi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining “Oliy taʼlim muassasalarida ilm-fan sohasida muvaffaqiyatga erishgan mashhur oʻzbek ayollari nomi bilan ataluvchi stipendiyani joriy etish toʻgʻrisida” 2022-yil 22-dekabrdagi 422-son buyrugʻi ijrosini taʼminlash maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutida taʼlim olayotgan talabalar uchun sanʼatimizning chin maʼnodagi fidoiysi, Oʻzbekiston Qahramoni Munojat Yoʻlchiyeva nomidagi stipendiya taʼsis etildi.
Qayd etilishicha, mazkur stipendiya Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutining 2-kursni tugatgan bakalavriat hamda 1-kursni tugatgan magistratura talabalariga berilishi koʻzda tutilgan boʻlib, nomzod tanlov asosida saralanadi.
Talabgorning hujjatlari Institut Ilmiy boʻlimi tomonidan qabul qilinadi. Tanlovda qatnashish uchun taqdim etilgan hujjatlar tanlov muddati tugagach bir hafta muddatda Tanlov komissiyasiga taqdim etiladi va komissiyasining qarori bilan hujjatlarni koʻrib chiqish uchun ekspertlar belgilanadi.
Ekspertlar Tanlov komissiyasi aʼzolari va Institut professor-oʻqituvchilari yoki zarur hollarda boshqa tashkilotlardan jalb etilayotgan ekspertlarning roziligi bilan tayinlanishi koʻzda tutilgan.
Tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan va stipendiyaga tavsiya etilganlarning roʻyxati Kengash raisi tomonidan buyruq asosida tasdiqlanib stipendiyani toʻlab berish uchun taqdim etiladi.
Stipendiantlar boʻyicha fakultet yoki boʻlimning institut ichki tartib qoidalarini buzganligi yoki ilmiy faoliyatida sustkashlikka yoʻl qoʻyganligi toʻgʻrisidagi taqdimnomasiga koʻra, Kengash qarori bilan stipendiya berilishi toʻxtatiladi.
Tanlovda qatnashgan talabgorlarning ariza va shikoyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Eslatib oʻtamiz, tanlovda qatnashish uchun kiritilgan materiallar qaytarib berilmaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring