Oʻzbekiston Prezidenti Turkmaniston bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.
Suhbat avvalida Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va chuqurlashgan strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash oʻsayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. “Shovot-Toshovuz” savdo zonasi tashkil etilmoqda. Sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika, qishloq xoʻjaligi sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlik davom etmoqda.
Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Joriy yilda Oʻzbekistonda shoir Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligi munosabati bilan qator tadbirlar oʻtkaziladi.
Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida koʻp qirrali sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring