Oʻzbekiston Prezidenti Ozarbayjon bilan keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida vazir Mikoyil Jabborov davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻtgan yilda oʻzaro tovar ayirboshlash 27 foizga, joriy yil boshidan esa yana 15 foizga oshdi.
Avtomobilsozlik, energetika, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, toʻqimachilik, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Loyihalar portfelini, shu jumladan Qoʻshma investitsiya kompaniyasi mablagʻlarini jalb qilgan holda yanada kengaytirish muhim ekani taʼkidlandi.
Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlarning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlash maqsadida yaqin fursatda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi hamda ikki mamlakat hududlarining ikkinchi forumi oʻtkaziladi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Qozogʻiston energetika vazirlarining bugun boʻlib oʻtgan uch tomonlama uchrashuvining asosiy yakunlari yuqori baholandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring