Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammitida ishtirok etadi

18:28 19 Iyul 2022 Siyosat
980 0

Foto: Illustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 21-iyul kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Qirgʻizistonning Choʻlponota shahriga tashrif buyuradi.

Qirgʻiziston raisligida oʻtadigan sammit ishida Qozogʻiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston prezidentlari ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Mintaqa mamlakatlari yetakchilarining uchrashuvi kun tartibidan turli yoʻnalishlarda, shu jumladan savdo, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, turizm, madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari oʻrin olgan.

Alohida eʼtibor Markaziy Osiyoning barqarorligi va izchil taraqqiyotiga zamonaviy tahdid va xatarlarga birgalikda qarshi turish borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratiladi.

Sammit yakunida bir qator muhim koʻp tomonlama hujjatlar qabul qilinishi koʻzda tutilgan.

Taʼkidlash lozimki, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.

Mintaqa yetakchilarining birinchi sammiti 2018-yil mart oyida Nur-Sulton shahrida, ikkinchisi 2019-yil noyabrda Toshkent shahrida, uchinchisi oʻtgan yilning avgust oyida Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida boʻlib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер