Oʻzbekiston Prezidenti Xitoy tashqi ishlar vazirini qabul qildi
12-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afgʻonistonga qoʻshni mamlakatlar tashqi siyosiy idoralari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi aʼzosi, tashqi ishlar vaziri Sin Ganni qabul qildi.
Oʻzbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Dastlab tashqi ishlar vaziri Sin Gan davlatimiz rahbariga XXR Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuv davomida siyosiy iroda va birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar misli koʻrilmagan yuksak darajaga koʻtarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash ikki barobar, qoʻshma korxona va loyihalar soni uch barobar koʻpaydi, Xitoydan 11 milliard dollarlik investitsiyalar jalb qilindi. Pandemiyadan soʻng muntazam aviaqatnovlar tiklangach, hududlararo aloqalar, taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.
Oʻzbekiston yetakchisi Xitoyga boʻlajak davlat tashrifi va “Markaziy Osiyo - XXR” sammitiga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligini taʼkidladi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Bugungi kunda texnik hujjatlari tayyorlanayotgan “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston - Xitoy” temir yoʻlini qurish loyihasini tez fursatda amalga oshirish ahamiyati qayd etildi.
Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga amaliy koʻmaklashish borasidagi yaqindan muvofiqlashuvni davom ettirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring