O‘zbekiston — Polsha: Do‘stona munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi

18:51 07 Iyun 2018 Siyosat
2881 0

Bu haqda Polsha Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andjey Papej Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — Polsha biznes forumida alohida to‘xtalib o‘tdi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuritilayotgan do‘stona tashqi siyosat tufayli O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi, — deydi janob Andjey Papej. — Mehnatsevarlik, ishbilarmonlik o‘zbek va polyak xalqlariga xos jihatlar sanaladi. Ammo tomonlar mavjud salohiyatdan hali to‘liq foydalana olishgani yo‘q. Bugungi muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan o‘zaro tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish borasida kelishib olishdan iboratdir.

O‘zbekistonda Polsha kapitali ishtirokida 25 ta korxona tashkil etilgan bo‘lib, ular energetika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika kabi iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlarida faoliyat yurityapti. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 104,9 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich joriy yilning oxirgi to‘rt oyida esa 46,3 million dollarga yetkazildi.

— Delegatsimiz tarkibida 20 ga yaqin kompaniyalar rahbarlari bo‘lib, ularning har biri mamlakatingizga aniq maqsad bilan keldi, — deydi Polsha Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andjey Papej. — Oziq-ovqat, qurilish, tibbiyot va biotexnologiya, muhandislik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik qilish niyatidalar.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xorijlik tadbirkorlarga yurtimizning iqtisodiy salohiyati, yaratilgan qulay investitsiyaviy hamda ishbilarmonlik muhiti haqida batafsil ma’lumot berildi. Mehmonlar hududlarda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalar, ularda chet ellik sarmoyadorlarga yaratilgan shart-sharoitlar katta qiziqish uyg‘otganini e’tirof etishdi.

Tomonlar “V2V” formatidagi muloqot davomida savdo-sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Said RAHMONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер