Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi doirasidagi qator tadbirlarda ishtirok etmoqda

21:21 16 Aprel 2026 Siyosat
159 0

Turkiyaning Istanbul shahrida Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi oʻz ishini boshladi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi doirasida oʻtkazilgan Parlament ayol aʼzolari forumi hamda Qoʻshilmaslik harakati parlament tarmogʻining 5-konferensiyasida ishtirok etdi.

Forum “Nizolarning kuchayishi hamda ayollar va qizlar huquqlarining qisqarishi” mavzusiga bagʻishlanib, unda global nizolar sharoitida xotin-qizlarning huquqlarini taʼminlash, ularning taʼlim olish, sogʻliqni saqlash va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda Oʻzbekistonda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi taʼkidlandi. Mamlakatimizda ayollarning taʼlim olishi, iqtisodiy faolligini oshirish hamda qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilinib, tizimli dasturlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yondashuv forum ishtirokchilari tomonidan ilgʻor tajriba sifatida eʼtirof etildi.

Shu bilan birga, global miqyosda ayollar huquqlarining poymol etilishi, gender zoʻravonlik, odam savdosi va majburiy nikoh kabi tahdidlarga qarshi kurashish va ularning oldini olishda parlamentlar oldida turgan ustuvor vazifalar yuzasidan qator tashabbuslar ilgari surildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston tomonidan xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekani bildirilib, ishtirokchilar Buxoro shahrida joriy yilning 14–15-may kunlari boʻlib oʻtadigan Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumiga taklif etildi.

Bundan tashqari, “Qoʻshilmaslik harakati mintaqasida iqlim oʻzgarishiga bardoshli urbanizatsiyani taʼminlashda parlamentlar roli” mavzusiga bagʻishlangan Qoʻshilmaslik harakati parlament tarmogʻining 5-konferensiyasida shaharlar misli koʻrilmagan surʼatlarda rivojlanayotgan bir sharoitda global iqlim muammolariga yechim topish, ularning oldini olishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish hamda uning ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda zamonaviy huquqiy asoslarni shakllantirish, iqlim siyosatining amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, “yashil” iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.

Shuningdek, parlamentlar nafaqat qonun ijodkorligi jarayonida, balki uzoq muddatli davlat siyosatini shakllantirish, byudjet qoʻllab-quvvatlovini taʼminlash hamda milliy va xalqaro darajada hamjihatlikni ilgari surishda muhim oʻrin tutishi alohida taʼkidlandi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar Qoʻshilmaslik harakatiga aʼzo davlatlarning iqlimga bardoshli, xavfsiz va inklyuziv urbanizatsiyani taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirish muhimligini yana bir bor tasdiqladilar. Shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер