Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi xalqaro parlament maydonida yoshlar siyosatiga oid tashabbuslarni ilgari surdi

14:25 17 Aprel 2026 Siyosat
81 0

Avval xabar qilinganidek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi “Kelajak avlodlar manfaatlari yoʻlida ishonchni mustahkamlash, barqaror tinchlikni taʼminlash va adolatni qaror toptirish” mavzusida oʻtkazilayotgan Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasida faol ishtirok etmoqda.

Assambleya doirasidagi umumiy debatlarda Oʻzbekiston tomoni barqaror tinchlik va adolatni taʼminlash jarayonida yoshlarning oʻrni beqiyos ekanini alohida qayd qildi. Bugungi global oʻzgarishlar sharoitida yoshlar nafaqat ijtimoiy qatlam, balki jamiyat taraqqiyotini belgilaydigan asosiy kuch sifatida koʻrilayotgani bildirildi.

Senat Raisi oʻz nutqida Oʻzbekistonda yoshlar siyosati davlat siyosatining markaziy yoʻnalishlaridan biriga aylanganini maʼlum qildi.

Davlatimiz rahbarining oqilona siyosati tufayli keyingi yillarda yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qarorlar qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyozlar, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Shu maqsadda joriy yilda “Barqaror kelajak sari” davlat dasturi amalga oshirilayotgani aytib oʻtildi. Mazkur dastur doirasida taʼlim, ilm-fan, IT va innovatsiyalar, yoshlar bandligi, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek madaniyat, sanʼat, sport va ekologik tarbiyani rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar hayotga izchil joriy etilmoqda.

Taʼkidlanganidek, “Oʻzbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi mazkur ustuvor yoʻnalishlarga toʻliq mos kelib, yoshlar manfaatlarini taʼminlash va ularni qoʻllab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini nazarda tutadi. “Barqaror rivojlanish sari” davlat dasturi esa ushbu Strategiyaning amaliy ifodasi sifatida xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi oʻzaro bogʻliq dunyoda milliy saʼy-harakatlarni xalqaro hamkorlik bilan uygʻunlashtirish zarurligi qayd etildi. Yoshlar nafaqat milliy, balki global resurs ekani, ular chegara bilmas fikrlashi va salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun oʻzaro muloqot va tajriba almashuv platformalarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa yoshlar parlamentarizmi sohasida muloqot va tajriba almashinuvini kengaytirish tashabbusi bilan chiqdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?