Oʻzbekiston Notarial palatasi 4 yoshga toʻldi
“Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-sentabrdagi PF-5816-son Farmoni bilan 2020-yil 22-yanvarda tashkil topgan Oʻzbekiston Notarial palatasining oʻz oldiga qoʻygan asosiy maqsadlari — Faol va qonun doirasida faoliyat yuritayotgan notariuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qonun va normalarga rioya etgan holda aholiga yuksak saviyada huquqiy xizmat koʻrsatayotgan notariuslarni ragʻbatlantirib borish, notariat sohasida Oʻzbekiston amaliyotini xorijga olib chiqish orqali mamlakat imidji yaxshilanishiga hissa qoʻshishdir.
Tarixan juda qisqa davr ichida mazkur nodavlat notijorat tashkilot taraqqiyot tomon katta qadam qoʻydi. Bor-yoʻgʻi toʻrt yilda amalga oshirilgan ishlar mamlakatimiz notariuslari faoliyati hamda ularni birlashtirib turgan Oʻzbekiston Notarial palatasining faoliyati xalqaro miqyosda eʼtirof etilib kelinmoqda. Sohadagi ishlarni sifat jihatdan yaxshilab borish uchun xalqaro aloqalar rivojlantirilib, eng ilgʻor xorijiy tajribalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Xususan, tashkil topganiga atigi 1 yil toʻlganida Notarial palata Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzo boʻldi, rivojlangan 16 ta chet el davlatlari notarial tizimlari bilan hamkorlik memorandumlari tuzildi hamda ilgʻor chet el tajribasini notariat sohasiga joriy qilish bilan birga, Oʻzbekiston notariati tajribasini ommalashtirishga ulkan hissa qoʻshildi. Notarial palata raisi D.Ashurov oʻtgan 2023-yil fevral XNIning xalqaro notarial hamkorlik komissiya vakili etib, 2023-yil iyul oyida Xalqaro notariuslar ittifoqining Osiyo ishlari boʻyicha Kengash prezidenti etib, 2023-yil noyabr oyida XNI Bosh Kengashi aʼzosi etib saylandi. Oktabr oyida Samarqand shahrida Xalqaro darajada 2 ta konferensiya yuksak saviyada oʻtkazildi. Buning barchasi Oʻzbekiston notariat tizimi va uning yetakchisini xalqaro darajada tan olinganligidan dalolatdir.
Bugungi notariat bundan 4 yil oldingi notariatdan tubdan farq qiladi.
Soʻnggi yillarda notariat tizimini rivojlantirish yoʻlida qoʻyilgan muhim amaliy qadamlar natijasida aholiga notarial xizmat koʻrsatish sifati tubdan yaxshilandi, sohada qonuniylik taʼminlanishi darajasi keskin oshdi. Oʻz navbatida, aholining ham notariuslardan norozilik kayfiyati barham topdi.
Endilikda fuqarolarimiz onlayn notarial xizmatlardan bemalol foydalana olishlari mumkin. Maʼlumot toʻplash uchun idorama idora sarsongarchiliklarga chek qoʻyildi. Bunda, albatta, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimining hissasi katta.
Bugungi kunda Palataga aʼzo boʻlgan xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar soni 1000 nafardan ortiqni tashkil etadi. Notariuslarning malakasi Yuristlar malakasini oshirish markazi bilan hamkorlikda tinimsiz oshirib borilmoqda. Notarial idoralarda zamonaviy texnologiyalar, barcha aholiga xizmat koʻrsatuvchi davlat tashkilotlari integratsiya qilingan elektron baza koʻmagida har tomonlama qulay xizmatlarni yoʻlga qoʻyilgan. Aholining huquqiy bilimi oshishiga onlayn va oflayn koʻmaklashilmoqda. Har yili Notarial palata oʻz hamkorlari ishtirokida oʻtkazilayotgan respublika miqyosidagi aksiyalarda ming-minglab fuqarolarimizga notariuslar tomonidan bepul huquqiy maslahatlar berilmoqda.
Oʻzbekiston Notarial palatasi ishonchli hamkorlar koʻmagida sohani tobora takomillashtirish yoʻlida toʻxtamaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring